Birinchi suratga olingan film qaysi?
Kino suratga olish qanday boshlangan?
2 min
Tarix

Eng hayratlanarlisi, kino rivojlanish tarixidagi ilk kashfiyotlar kinoga qiziqmagan odamlar tomonidan qilingan, chunki ularning maqsadi shunchaki hayvonlar harakatini oʻrganish boʻlgan.

Hatto 1893-yil “kinetoskop”¹ deb nomlangan jihozni takomillashtirgan Tomas Edison ham unga ermak sifatida qaragan. Bu kashfiyotlarning odamni xursand qilish imkoniyatlarini koʻrib, film yaratishni boshlagan odamlar koʻp edi.

Dastlab shunchaki qirgʻoq toʻlqinlari, yugurayotgan otlar, oʻynayotgan bolalar, stansiyasiga kirib kelayotgan poyezdlar kabi harakatdagi narsalar suratga olingan. Syujetga² ega boʻlgan birinchi film — “Buyuk poyezd talonchiligi” 1903-yil Edison laboratoriyalarida yaratilgan. U butun mamlakat boʻylab shov-shuvga sabab boʻlgan.

AQShdagi birinchi statsionar (koʻchmas) kinoteatr 1905-yil noyabr oyida Pensilvaniya shtati Pitsburg shahrida ochilgan. U ajoyib tarzda bezatilgan. Egalari uni “kinematograf” (“cinema” — “film”) deb atashgan. Tez orada butun mamlakat boʻylab boshqa kinematograflar ochilgan.

Eng taniqli birinchi kinorejissyor va prodyuserlardan biri sobiq aktyor Devid Griffit boʻlgan. Birinchi boʻlib u sahnani suratga olayotganda kamerani harakatga keltira boshlagan. Shuningdek, u montaj³ texnikasini takomillashtirgan, kino sanʼatida yirik plan va koʻp narsalarni kashf etgan. 1914-yilda Griffit barcha davrlarning eng ajoyib filmlaridan biri bo‘lgan “Millatning tugʻilishi” filmini suratga olgan. Fuqarolar urushi haqidagi ushbu film xarajati 750 ming dollardan oshgan va oʻsha paytgacha ishlab chiqarilgan eng qimmat film boʻlgan.

Sesil de Mill va Jess Leski “Hindu ayolning oq tanli eri” nomli filmni Gollivudda suratga olishni boshlaganidan keyin u yer kinopoytaxtga aylangan. Koʻp oʻtmay boshqa kinokompaniyalar ham Gollivudga koʻchishni boshlagan. Shu tarzda zamonaviy kino jadal surʼatlar bilan rivojlanib ketgan.


[1] Kinetoskop — harakatlanuvchi rasm uchun koʻrsatadigan dastlabki kino qurilmasi. 
[2] Syujet — film, badiiy asarda voqealar tasviri va mazmuni.
[3] Montaj — film, asar, rasm va shu kabilarning parchalarini tanlab olib, mazmun jihatdan bir butun holga keltirish.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!