Televideniyeni kim ixtiro qilgan?
Televideniye haqida ma'lumot, Fotoelektr nima?
3 min
Tarix

Televideniye¹ juda murakkab texnik jarayon. Uning kelib chiqishi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Ishonch bilan aytish mumkinki, uning rivojlanishi va takomillashuvida juda koʻp odamlar ishtirok etgan. Yaʼni televideniye bir kishi tomonidan ixtiro qilinmagan.

Televideniyening ixtiro qilinishiga olib keladigan voqealar zanjiri 1817-yilda shved kimyogari Yens Berzelius selen kimyoviy elementini kashf etganida boshlangan. Keyinchalik selen oʻzidan oʻtkazadigan elektr tokining qiymati unga taʼsir qiladigan yorugʻlik miqdoriga bogʻliq ekanligi aniqlangan. Ushbu xususiyat “fotoelektr” deb ataladi.

1875-yilda bu kashfiyot amerikalik Jorj Kerri ismli ixtirochiga fotoelektrik elementlardan foydalangan holda birinchi nomukammal televizion tizimni yaratishda yordam berdi. Jism linza orqali fotoelektrik elementlar blokida shunday fokuslanganki, har bir element choʻgʻlanma lampaga oʻtadigan elektr miqdorini “nazorat qilgan”. Fotoelektrik elementlarga proyeksiya² qilingan buyumning noaniq konturlari (narsaning tashqi shakli) choʻgʻlanma lampa yuzasida aks etgan.

1884-yildagi Pol Nipkouning “yoyilgan tasvir” ixtirosi navbatdagi qadam boʻldi. Bunga fotoelektrik elementlar oldida aylanadigan teshiklari boʻlgan disk va tomoshabinlar oldida aylanadigan boshqa disk yordamida erishildi. Ammo ishlash nazariyasi Jorj Kerriniki bilan bir xil edi.

1923-yilda tasvirni ilk bor simlar orqali uzatish amalga oshirildi va bunga Angliyada Jon Berd, hamda AQShda Charlz Jenkins erisha oldi.

Soʻngra televizion kameralar rivojlanishida keskin oʻzgarish yuz berdi. Vladimir Zvorikin va Fil Farnsuort bir-biridan mustaqil ravishda “ikonoskop” va “tasviriy-uzatuvchi naycha” deb nomlanuvchi kameralarni yaratdilar. 1945-yilga kelib ushbu ikkala uzatuvchi naychaning oʻrnini yanada takomillashgan turlari egalladi.

Zamonaviy televizorlarda “katod-nurli trubka” ishlatiladi. Bu trubkada joylashgan elektron toʻp (zambarak) ekran tasvirini xuddi uzatuvchi televizion kameradagi nurlar kabi skanerlaydi va natijada biz tasvirni koʻramiz.

Albatta, bu maqola sizga televideniyening qanday ishlashini batafsil tushuntira olmaydi, ammo uning bugungi holatga kelishi, faoliyat yuritishi uchun turli mamlakatlardagi turli odamlar tomonidan koʻplab kashfiyotlar qilingani haqida tushuncha bera oldi degan umiddamiz.


[1]  Televideniye — harakatdagi yoki harakatsiz obyektlarning tasvirini tovush bilan birga radioelektron vositalar yordamida muayyan masofaga uzatish va qabul qilish; uzoqdan koʻrish; axborot tarqatish vositalaridan biri.
[2] Proyeksiya — biror narsaning tekislikdagi, masalan, qogʻozdagi aksi, tasviri.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!