O‘yin qartalarini kim o‘ylab topgan?
Qartalarni kimlar ixtiro qilgan? O'yin qartalari nima?
2 min
Tarix

Bugungi kunda Buyuk Britaniyadagi har oʻnta uydan sakkiztasida qarta oʻynaladi, yaxshilab qidirilsa, qolganlardan ham qarta dastasini topish mumkin. Qarta oʻynash koʻpchilikka yaxshi tanishligi tufayli hatto ular doim mavjud boʻlgandek tuyuladi.

Oʻyin qartalari tarixi tasviriy sanʼat yaratilgan davrga borib taqalishi ham mumkin. U shu qadar tarixiyki, hech kim birinchi marta qachon va qayerda paydo boʻlganini aniq ayta olmaydi.

Uzoq vaqt davomida oʻyin qartalari xitoyliklar tomonidan ixtiro qilingan deb hisoblangan, chunki ilgari Xitoyda qogʻoz pul va oʻyin qartasi deyarli bir xil boʻlgan. Ming yillar oldin Xitoyda oʻyin qartalari mavjud boʻlgani maʼlum. Lekin hozirda qartalar ixtirochisi kim — xitoylik, misrlik, arab yoki hindular ekanini aniq ayta olmaymiz.

Qartalar paydo boʻlganidan boshlab, taqdirni bashorat qilish usullaridan biriga aylandi. Ular bu maqsadda turli xil qimor oʻyinlari uchun qoʻllana boshlanganidan oldin ishlatilgan boʻlishi ham mumkin. Oʻrta asrlarda afsungarlar oʻyin qartalari yordamida kelajakni bashorat qilgan.

Oʻyin qartalari Yevropaga qachon kirib kelgan? Baʼzilar ularni salibchilar oʻz yurishlarida olib kelgan deb hisoblaydi. Boshqalarning aytishicha, saratsinlar Ispaniya yoki Italiyaga, loʻlilar Sharqiy Yevropaga olib kelgan…

Nima boʻlganda ham oʻyin qartalarining Yevropada XIII asrdan beri boʻlgani shubhasiz. Dastlab turli xil oʻyin qartalari mavjud boʻlgan. Masalan, tasvir tushirilgan qartalar (dastada 22 ta qarta boʻlib, ular orasida raqamlilar boʻlmagan) va raqamli qartalar (bu dastadagi 56 ta qartadan hech birida rasm boʻlmagan) keng tarqalgan. 52 ta qartadan iborat dastani birinchi boʻlib fransuzlar yaratgan. Ular raqamli qartalardan foydalanib, qirol, motka (dama), sallot (valet) ni saqlab qolgan. Ushbu 52 qartali dastadan inglizlar ham foydalana boshlagan.

Ilk qartalar qo‘lda chizilgan. Yogʻoch oʻymakorligi rivojlanishi bilan oʻyin qartalari arzonlashib, oddiy odamlar orasida juda tez tarqalgan.

Qadimda ham qartalar qog‘oz shaklida bo‘lgan deb o‘ylaysizmi? Unda qattiq adashasiz! 

Chunki qartalar yog‘och, teri, fil suyagi, hatto metalldan ham tayyorlangan. Bunday qartalarni dunyoning ko‘plab muzeylarida ko‘rish mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!