Shaxmat qanday paydo bo‘lgan?
Shaxmat so'zining ma'nosi nima?
2 min
Tarix

Shaxmat kabi asrlar davomida koʻp yozilgan oʻyin turi boʻlmasa kerak. U “shohlar oʻyini” deb ataladi, chunki u oʻyinlarning shohi hisoblanadi. Shuningdek, shaxmat bizga maʼlum eng qadimgi oʻyin boʻlishi mumkin. Sababi ayrimlar uni taxminan 5000 yoshda deb daʼvo qiladi.

“Shaxmat” soʻzi forscha “shoh mot” soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlib, “shoh oʻldi” degan maʼnoni anglatadi. Bu shaxmatni forslar yaratgan deganimi? Buning anigʻini hech kim bilmaydi.

Gap shundaki, shaxmatning kelib chiqishi turli davrlarda har xil xalqqa: yunon, rim, bobil, misr, yahudiy, fors, xitoy, hind va arablarga tegishli deb hisoblangan. Taxminlarga koʻra, shaxmat Hindistondagi buddaviylar orasida paydo boʻlgan. Ularning urf-odatlariga koʻra, urush va odam oʻldirish jinoyatdir. Urush oʻrnini bosish uchun shaxmat ixtiro qilingan. Hozirda koʻpchilik shaxmat Hindistonda paydo boʻlgan, keyinchalik Eron, Arabiston va Gʻarbiy Yevropaga tarqalgan deb hisoblaydi.

Ayrim shaxmat donalari shaxmatning uzoq tarixi davomida koʻplab oʻzgarishlarga duch kelgan. Bir vaqtlar shoh asir olinishi mumkin boʻlgan. Ammo bu hozirgi shaxmat qoidalariga koʻra mumkin emas. “Rokirovka”¹ — taxminan 400 yil oldin shaxmatga qoʻshilgan yangi gʻoya.

Shaxmatdagi “qirolicha” eng qiziqarli tarixga ega boʻlishi mumkin. Bir vaqtlar u “vazir” deb nomlangan. Bugun oʻyinda uni yoʻqotsangiz, eng kuchli donangizdan ayrilasiz. Ammo qadimgi davrda u diagonal² ravishda faqat bitta katakka harakat qila olgan. Shu sababli u taxtadagi eng kuchsiz dona boʻlgan. Taxminan 500 yil oldin farzinga bugungi kuchi berilgan.

Aftidan, rux va otlar yillar davomida oʻzgarishga uchramagan. Aytgancha, ruxning inglizcha nomi — “ruk”, u hindcha “rukh” va forscha “rok” dan kelib chiqqan boʻlib, “askar” degan maʼnoni anglatadi.

Bugungi kunda shaxmat butun dunyoda sevib oʻynaladi. Millionlab odamlar muntazam ravishda oʻtkaziladigan xalqaro turnirlarni (musobaqa) katta qiziqish bilan kuzatadi.

Siz shaxmatga qiziqasizmi? Shaxmat donachalarini nomma-nom bilasizmi? ♟


[1] Rokirovka — shaxmat o‘yinida shohga yaqin yoki uzoqroq turgan ruxning shoh bilan o‘rnini almashtirib, ularni yonma-yon joylashtirishdan iborat bir yurish. 
[2] Diagonal — ko‘pburchakning qo‘shni bo‘lmagan ikki burchagini birlashtiruvchi to‘g‘ri chiziq.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!