Inson hayvonlarni qachon qo‘lga o‘rgatgan?
Inson hayvonlarni qachon qo'lga o'rgatgan?
2 min
Tarix

Hayvonlarni qoʻlga oʻrgatish bilan insoniyat sivilizatsiya¹ tomon katta qadam tashlagan. Qoʻlga oʻrgatilgan hayvonlar insonga goʻshtni zaxiralash imkonini bergan. Endi inson ov qilishga majbur emasdi. Uning oʻrniga odamlar biror doimiy yashash joyini tanlashi, mol-mulkini koʻpaytirishi va yangi jamoa yaratishi mumkin boʻlgan.

Umuman olganda, hayvon aynan qachon qoʻlga oʻrgatilganini hech kim aniq bilmaydi. Faqatgina bu juda qadimda boshlanganini aytish mumkin. Avvaliga it, keyin qoramol, qoʻy, echki va boshqalar qoʻlga oʻrgatilgan. Yuk tashishga moʻljallangan tuya, eshak kabi hayvonlar birinchi marta Yevropada emas, Markaziy Osiyoda xonakilashtirilgan degan taxminlar bor.

Shubhasiz, ilk uy hayvonlari oziq-ovqat zaxirasini toʻldiradigan hayvonlar boʻlgan. Qoramol, qoʻy va echkilar goʻsht, sut bergan. Ulardan keyin parrandalar oʻrgatilgan boʻlishi mumkin. Uy parrandalaridan avval gʻoz, keyin oʻrdak xonakilashtirilgan. Ikkala parranda ham Qadimgi Misrda keng tarqalgan. Kaptarlar oziq-ovqat boʻlishdan tashqari juda qadimdan xat tashish vazifasini bajargan. Shimoliy Amerikaning mahalliy aholisi katta miqdorda kurka yetishtirish bilan shugʻullangan. Ehtimol, goʻsht olish maqsadida quyonlar ham qoʻlga oʻrgatilgandir… 

Yuk tashuvchi hayvonlar qoʻy, echkilardan keyin oʻrgatilgan. Ilk yuk tashuvchi hayvonlar eshak va tuya boʻlgan. Ot ancha keyinroq qoʻlga oʻrgatilgan. 

Qadimda fillar ham qoʻlga oʻrgatilib, insonga xizmat qilgan. Janubiy Amerikada lama (Janubiy Amerikada yashaydigan oʻrkachsiz, kichikroq tuya) bir necha asrlar davomida yuk tashish vazifasini oʻtagan.

Mushuklar Misrda taxminan 3600 yil ilgari qoʻlga oʻrgatilgan.


[1] Sivilizatsiya — Moddiy va maʼnaviy madaniyatning ijtimoiy taraqqiyotida erishilgan muayyan bosqich; madaniy taraqqiyot darajasi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!