20.02.2024
Hammaga maʼlumki, hayvonot bogʻi — bugungi kunda yer yuzida yashovchi hayvonlar saqlanadigan va tashrif buyuruvchilarga namoyish etiladigan joy.
Nega yovvoyi hayvonlar hayvonot bogʻlarida saqlanadi? Muhim sabab shundaki, barchamiz hayvonlarga qiziqamiz. Yana bir sababi — olimlar hayvonlar hayotini oʻrganish orqali koʻplab zarur maʼlumotlarni bilib olish imkoniga ega boʻlishadi. Hayvonlarning oʻzini qanday tutishi, nima yeyishi, qanday oʻsishini kuzatib nafaqat ular, balki odamlar haqida ham koʻp narsalarni bilib olish mumkin.
Demak, hayvonot bogʻi hayvonlarni ham, odamlarni ham oʻrganish maskani ekan. Ehtimol, shuning uchun biz bilgan birinchi hayvonot bogʻi “Bilimlar bogʻi” deb nomlangani bejiz emasdir. U miloddan avvalgi 1150-yilda Xitoy imperatori tomonidan tashkil etilgan. Unda koʻplab kiyik, qush va baliq turlari saqlangan. U zamonaviy hayvonot bogʻlariga oʻxshash boʻlsa-da, bitta muhim farq bor edi: u jamoatchilik uchun ochiq boʻlmagan. Faqatgina imperator hamda saroy ahlining koʻnglini ochish uchun xizmat qilgan.
Hayvonot bogʻini toʻldirish va asrash uchun katta mablagʻ kerak boʻlgani sababli qadimgi davrlarda ularni faqat shoh va boylar tashkil etgan. Ularning koʻpchiligida har xil turdagi noyob qush, baliq va hayvonlar kolleksiyasi (toʻplami) boʻlgan.
Dunyodagi birinchi jamoat hayvonot bogʻi 1793-yilda Fransiyaning Parij shahrida ochilgan. Bu mashhur “Jardin de Plante” edi. Unda hayvonlar, muzey va botanika bogʻi bor edi.
Navbatdagi yirik hayvonot bogʻi 1829-yilda Londondagi Rijents-Parkda ochilgan. Keyinchalik 1844-yilda ochilgan Berlin hayvonot bogʻi dunyodagi eng ajoyiblaridan biriga aylangan.
AQShda birinchi hayvonot bogʻi 1874-yilda Filadelfiya shtatida ochilgan, 1875-yilda esa Sinsinnati hayvonot bogʻi paydo boʻlgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.