Odamlar parik kiyishni qachon boshlagan?
Odamlar parik kiyishni qachon boshlagan?
2 min
Tarix

Misrdagi qazilma ishlari davrida topilgan 4000 yillik mumiyolarning¹ baʼzilari pariklar bilan bezatilganini bilasizmi? Pariklar misrliklar uchun odatiy boʻlgani tabiiy. Qadimgi Yunonistonda ulardan erkak va ayollar foydalangan. Pariklarni birinchi boʻlib forslar ishlatgan. Keyinchalik Kichik Osiyoda tarqalgan deb hisoblanadi.

Qadimgi Yunonistonda komik (kulgili), tragik (fojiali) personajlarning niqobiga mos sochlar yaratish uchun pariklar teatrda qoʻllangan.

Pariklar Rim imperiyasining dastlabki kunlaridan ishlatila boshlangan. Rimning bashang ayollari soxta sochlar kiyishni yoqtirgan. Germaniyadan keltirilgan oltin sochlar juda mashhur boʻlgan. Ayollarda liboslariga mos turli rangdagi pariklar boʻlgan. Aytishlaricha, imperator Mark Avreliyning rafiqasida yuzdan ortiq parik boʻlgan.

XVI asrda pariklar tabiiy soch sifatida qo‘llangan. Ammo yuz yildan soʻng pariklar kiyimboshning ajralmas va muhim qismiga aylandi. Har doimgidek Fransiya parikning urfga kirishiga sabab boʻlgan. 1624-yilda Kal Lyudovik XIII kal boʻlgani tufayli parik kiygan. Tabiiyki, hamma unga ergashgan.

Ushbu moda Fransiyadan Yevropaga tarqalgan. Angliyada Charlz II upa surtilgan kalta parik kiygan. Natijada u mashhur boʻlib ketgan. Qirolicha Anna hukmronligi davrida orqa va yelkalarni yopib, koʻkrakkacha tushadigan pariklar kiyilgan.

Keyinchalik baʼzi turdagi pariklarni ayrim kasb egalari kiygan. Vaqt oʻtib pariklar modadan chiqib ketgan. Shunga qaramay odamlar ulardan foydalanishda davom etgan. Bora-bora shifokor, askar va ruhoniylar bu odatdan voz kechgan. Pariklar faqat Angliyada rasmiy kiyimboshning bir qismi sifatida kiyiladi. Undan faqatgina parlamentning² quyi palatasi spikeri (raisi), parlamentning yuqori amaldorlari, lord kansler³, shuningdek, sudya va advokatlar foydalanadi.


[1] Mumiyo — odam yoki hayvon vafotidan keyin chirimasligi uchun surtiladigan modda. 
[2] Parlament — demokratik davlatlarda saylov asosida tuziladigan oliy vakillik va qonunchilik organi.
[3] Lord kansler — oliy mansab egasi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!