20.02.2024
Nega meva va koʻplab sabzavotlarni xom holda isteʼmol qilishimiz mumkin-u, ammo goʻsht va baliqni pishirishimiz kerak? Albatta, koʻpchiligimiz uchun pishirilgan goʻsht va baliq xom holatidan koʻra mazaliroq.
Ammo boshqa bir yanada muhimroq sabab bor. Goʻsht va baliqning ayrim turlarini yetarlicha pishirmasak, baliq va hayvonlarda yashovchi organizmlar tanamizga kirib, kasallik keltirib chiqaradi. Keng tarqalgan bunday kasalliklardan biri — “trixinillez”. Bu odam yetarlicha pishmagan yoki xom choʻchqa goʻshti mahsulotlarini isteʼmol qilganida orttiriladigan kasallik hisoblanadi. Baʼzi baliqlar yaxshi pishirilmay yeyilsa, parazitlar keltirib chiqaradigan tasmasimon gijja va boshqa infeksiyalar¹ yuqib qolishi mumkin.
Albatta, ibtidoiy odam ovqatni xom holda isteʼmol qilishga majbur edi. Keyinchalik odam olov yoqish yoʻlini topgach, undan isinish va yovvoyi hayvonlarni qoʻrqitish maqsadida foydalana boshlagan. Odamzod ovqat pishirishni tasodifan kashf etgan degan taxminlar bor. Balki, ovlangan ayrim hayvonlar yonib turgan koʻmir yoniga tashlangan boʻlishi mumkin. Shundan soʻng odam goʻsht qoraygani va undan yoqimli hid taralayotganini sezgan. Tatib koʻrgach, u xom goʻshtdan koʻra mazali ekanini anglagan. Oʻshandan keyin odamlar qovurilgan ovqatga oʻtgan.
U paytlar idish boʻlmagan, shuning uchun ibtidoiy odam ovqatni gulxan atrofiga terilgan issiq toshlar ustida pishirgan. Birinchi oʻchoq toshlar bilan qoplangan va ichida koʻmir yoqilgan chuqur boʻlgan. Tez orada u yer ustida ovqat pishirish uchun tutun tortib chiqaradigan teshik va issiqni ushlab turish uchun ogʻziga tosh qoʻyilgan oʻchoqlar qurishni boshladi.
Sekin-sekin odam katta teri bilan qoplangan chuqurda ovqatni qaynatib pishirishni ham oʻrganib olgan. Ovqat suv bilan toʻldirilgan hamda qizigan issiq toshlar bilan birgalikda qaynaguncha qizdirilgan. Nihoyat, odam ilk sodda qozonlarni yasashni oʻrgangan. Buning uchun qamish savatni loy bilan qoplab quritish kerak edi. Bu qozonlarda suvli va suvsiz ovqat pishirish mumkin boʻlgan.
Shunday qilib, ibtidoiy odam ovqat pishirishning ikki usulini kashf qilgan: toblab pishirish yoki quruq issiqda qovurish va qaynatish yoki bugʻda pishirish.
Keyingi safar issiq mazali taom isteʼmol qilayotganingizda, ushbu maʼlumotlarni esga oling.
[1] Infeksiya — kasallik paydo qiladigan mikroorganizmlar sababli kasallikning yuqishi; yuqtirishlik.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.