Nega o‘sishdan to‘xtaymiz?

Yangi tugʻilgan chaqaloqning oʻrtacha uzunligi taxminan 50 sm boʻladi. Dastlabki 20 yil ichida odamning boʻyi uch baravar ortadi va oʻrtacha 1 metr 70 santimetrga yetadi.

Ammo nega inson butun umri davomida oʻsishda davom etmaydi? Tana oʻsishini nima toʻxtatadi? Tanada oʻsishimizni boshqaradigan endokrin bezlar tizimi mavjud. Endokrin bezlarga boʻyindagi qalqonsimon bez, miya bilan bogʻlangan gipofiz bezi, koʻkrak qafasida joylashgan ayrisimon va jinsiy bezlar kiradi. Gipofiz — suyaklarimiz oʻsishini ragʻbatlantiradigan bezlardan biri. Agar u juda faol ishlasa, qoʻllar va oyoqlar juda uzun, kaftlar va tovonlar ham juda katta boʻlib oʻsib ketadi. Agar bu bez yetarli darajada ishlamasa, biz liliput (mitti odam) boʻlib qolishimiz mumkin.

Bola katta oʻlchamli ayrisimon bez bilan tugʻiladi. Bolalik davrida bu bez oʻsishda davom etadi va 13 yoki 14 yoshda kichraya boshlaydi. Ayrisimon bezning jinsiy bezlar bilan aloqasi bor. U jinsiy bezlar kichik boʻlgan davrda ishlaydi. Jinsiy bezlar rivojlana boshlagach, ayrisimon bez oʻz faoliyatini toʻxtatadi. Shuning uchun odam jinsiy yetuk boʻlganda (taxminan 22 yoshda) ayrisimon bez deyarli oʻsishdan toʻxtaydi.

Baʼzida jinsiy bezlar juda erta rivojlanadi va ayrisimon bezning oʻsishini muddatidan oldin sekinlashtiradi. Natijada odamning boʻyi oʻrta darajadan past boʻlib qoladi. Boshqa aʼzolar bilan taqqoslasak, oyoqlarimiz kechroq oʻsishni boshlaydi va ular ham yetarli oʻlchamlarga yetishi kerak. Ammo erta rivojlanish oyoqlarning kalta boʻlib qolishiga sabab boʻladi. Shuning uchun jinsiy bezlari juda tez rivojlangan odamlar koʻpincha past boʻyli boʻladi. Ushbu turdagi odamlarga misol — Napoleon. Agar jinsiy bezlar juda kech rivojlana boshlasa, ayrisimon bez ishlashni davom ettiraveradi. Oqibatda odamning boʻyi oʻrtachadan baland boʻladi. Aslida biz 25 yoshdan keyin ham biroz oʻsishda davom etamiz va taxminan 35–40 yoshda maksimal boʻyimizga erishamiz. Shundan soʻng har 10 yilda boʻyimiz taxminan 12 millimetrga kamayib boradi, buning sababi qarishimiz davomida boʻgʻimlarimiz va umurtqa pogʻonamizdagi togʻaylarda suv kamayib boradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!