Kaloriya nima?
Tanada kaloriya darajasi qanchalik muhim? Kaloriya nima?
2 min
Bu nima?

Bugungi kunda deyarli hamma “kaloriyasini¹ kuzatayotganga oʻxshaydi”. Hatto har bir taomdagi kaloriya miqdorini toʻgʻridan-toʻgʻri taomnomaga yozib qo‘yadigan restoranlar bor. Kaloriya nima va tanada qanday rol oʻynaydi? Buni tushunish uchun oziq-ovqat mahsulotidan boshlaymiz.

Ilm-fan hujayra qanday qilib ovqatni energiyaga aylantirishini hali ham aniq tushuntirib bermadi. Biz buning sodir boʻlishini bilamiz xolos. Shuningdek, tana hujayrasining normal ishlashi uchun nega boshqa mahsulotlar emas, balki maʼlum mahsulotlar kerakligini tushuntira olmaymiz.

Tanaga tushgan ovqat kislorod bilan birlashadi. Ovqat yoqilgʻi kabi “yonib ketadi”. Yoqilgʻi bajaradigan ishlar bugungi kunda kaloriya bilan oʻlchanadi.

“Gramm kaloriya” yoki kichik kaloriya — bu bir gramm suv haroratini Selsiy boʻyicha bir daraja koʻtarishga zarur boʻlgan issiqlik miqdori. Katta kaloriya 1000 ta kichik kaloriyaga teng. Ovqatning energiya qiymatini oʻlchashda, odatda, katta kaloriyadan foydalanamiz. 

Har bir oziq-ovqat turi “yonib”, maʼlum miqdordagi kaloriyani yetkazib beradi. Masalan, bir gramm oqsil toʻrt, bir gramm yogʻ esa toʻqqiz kaloriya beradi. Agar hosil bo‘lgan energiya hayot ta’minlashga yetarli boʻlsa, tana bunga qanday yoqilg‘i ishlatilganiga ahamiyat bermaydi. Kishiga kerak boʻlgan kaloriya miqdori u bajaradigan ishlarga bogʻliq. Masalan, vazni taxminan 68 kilogramm va butunlay harakatsiz odamga kuniga atigi 1680 kaloriya kerak. Agar u oʻrtamiyona, masalan, biror ish bilan shugʻullansa, bu raqam kuniga 3360 kaloriyaga koʻtariladi. Kishi ogʻir mehnat qilsa, tana normal ishlashi uchun kuniga 6720 kaloriya kerak.

Bolalarga kattalardan ko‘ra koʻproq kaloriya kerak. Chunki keksa odamlar yoqilgʻini tez sarflab yuborolmaydilar. Ajablanarlisi, qishda yozga qaraganda koʻproq kaloriya sarflaymiz. Odamlar uchun odatiy yoqilgʻilar — uglevod, kraxmal va shakar. Agar biz keragidan koʻproq yoqilgʻi oʻzlashtirsak nima boʻladi, deb soʻrashingiz mumkin. Tana keragicha sarflaydi va qolgan qismini kelajakda foydalanish uchun zaxiraga olib qoʻyadi. Kunlik isteʼmol normasining uchdan bir qismigacha miqdor zaxiraga olib qoʻyilishi mumkin. Qolganlari yogʻga aylanadi. Shuning uchun ham ortiqcha semirmaslik uchun parhezga rioya qilamiz.


[1] Kaloriya — inson tanasida oziq-ovqatlar ishlab chiqaradigan quvvat miqdorini ko‘rsatuvchi issiqlik birligi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!