Nega ochqaymiz?

Odatda, ovqatga muhtoj boʻlganimizda tanamiz ozuqa talab qila boshlaydi. Ammo och ekanimizni qanday bilamiz? Miyamiz qanday qilib bu xabarni qabul qiladi va nega biz ochlikni his qilamiz?

Koʻpchilik oʻylaganidek, ochlikning boʻsh oshqozon bilan hech qanday aloqasi yoʻq. Axir yangi tugʻilgan chaqaloq bir necha kun davomida ochlikni his qilmaydi-ku? Bemorlar koʻpincha oshqozonlarida ozuqa yoʻq boʻlsa-da, ovqatlanishni xohlamaydilar.

Ochlik hissi qonda maʼlum oziq moddalar yetishmasligi natijasida uygʻonadi. Qon tomirlari ularga ehtiyoj sezganda miyaning “ochlik markazi” deb nomlanadigan qismiga xabar keladi. Ochlik markazi oʻziga xos oshqozon va ichak faoliyatini tartibga soluvchi vositadir. Agar qonda yetarli miqdordagi ozuqa boʻlsa, ochlik markazi oshqozon va ichak faoliyatini sekinlashtiradi. Agar yetarli boʻlmasa, markaz ularning ishini faollashtiradi. Shuning uchun ham och odam koʻpincha oshqozonining “childirma chalishini” eshitadi.

Och boʻlganimizda tanamiz qandaydir bir sevimli ovqatni talab qilmaydi, unga faqatgina ozuqa kerak. Ammo ishtaha ochlikni tanamizga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan bir xil ovqat bilan toʻydirmaslikni nazorat qiladi. Masalan, tanaga zarur boʻlgan ozuqa miqdorini faqat sabzavot shaklida olish biz uchun qiyin boʻlar edi. Ammo biz shoʻrvani yetarlicha isteʼmol qilsak, goʻsht va sabzavotlardan toʻyguncha yesak va nihoyat, shirinlik bilan oʻzimizni xursand qilsak, biz kerakli miqdordagi ozuqani olamiz va bir vaqtning oʻzida turli taʼmlardan lazzatlanamiz.

Qancha vaqt ovqatsiz yashashimiz mumkin? Bu har bir odamning xarakteriga bogʻliq. Xotirjam odam tanasidagi oqsil zaxiralari sekinroq sarflangani uchun taʼsirchan odamga qaraganda uzoqroq vaqt ovqatlanmasligi mumkin. Och qolish boʻyicha jahon rekordini yangilashga daʼvo qilgan Janubiy Afrikalik bir ayolning soʻzlariga koʻra, u 102 kun davomida faqat suv bilan kun koʻrgan! 

Keyingi safar qorningiz och qolganda ushbu maʼlumotlarni yodda tuting.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!