20.02.2024
Chanqoq! Bu istagimizni biron nima bilan qondirolmaganimizda biz shunchalik azob chekamizki, boshqa hech narsa haqida oʻylay olmaymiz. Barchamiz vaqti-vaqti bilan chanqoqni his qilamiz, lekin bir necha kun davomida doimiy his qilish qanday boʻlishini tasavvur qiling-a. Agar odam uch hafta mobaynida biror narsa ichmasa, u oʻladi.
Vaznimizning 50–60 foizini suv tashkil qilishiga qaramay, tanamiz haqiqatan suyuqlik zahirasini tiklashga ehtiyoj sezadi. Darhaqiqat, katta yoshli odam kun davomida ter bilan bir litrning uchdan ikki qismi miqdorida va chiqindilardan xalos boʻlganida bir litrga yaqin suyuqlik yoʻqotadi.
Boshqa tomondan, suyuqlik ichish-ichmasligimizdan qatʼiy nazar, biz suvni oʻzlashtiramiz, chunki oziq-ovqatni hazm qilganimizda undan kuniga bir litrning deyarli uchdan bir qismi miqdorida suyuqlik olamiz. Ammo suyuqlikni yoʻqotish va oʻrnini toʻldirishning bu jarayoni tanaga zarur boʻlgan suv muvozanatini saqlash uchun yetarli emas. Chanqash — bu tanamizning bizga koʻproq suv kerakligi haqidagi signalidir.
Koʻpchilik oʻylaganidek, ogʻiz va tomoq qurishi har doim ham chanqoqdan kelib chiqmaydi. Bu asabiy holat, jismoniy mashqlar yoki soʻlak ajralishining sekinlashishi kabi koʻplab sabablarning natijasi boʻlishi mumkin. Soʻlak ajralishini koʻpaytirish mumkin (masalan, ozroq limon sharbati bilan), ammo bu chanqoqni qondirmaydi.
Sizda soʻlak yaxshi ajralishi, oshqozon va peshob pufagi suyuqlikka toʻla boʻlishi mumkin va shunga qaramay siz tashnalikni his qilasiz. Masalan, ovqatlanish paytida bir necha piyola choy ichib, agar ular orasida shoʻr yeryongʻoq yesangiz, chanqash sizni tark etmaydi.
Gap shundaki, tashnalik qondagi tuz tarkibi oʻzgarishi natijasida kelib chiqadi. Qonimizda maʼlum miqdordagi tuz va suv mavjud. Chanqoqlik suvga nisbatan tuz miqdorining koʻpayishi natijasidir.
Miyamizda “chanqoqlik markazi” bor. U qondagi tuz miqdoridan taʼsirlanadi. Oʻzgarishlar yuz berganda u tomoqning orqa qismiga xabar beradi. Javob xabarlari u yerdan miyaga qaytadi va bu tezkor aloqa bizga chanqoq hissini beradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.