20.02.2024
Mavzuni tushimizga sababchi boʻlmaydigan narsalardan boshlaylik. Tushlarimiz “boshqa olam”dan kelmaydi, ular biron bir tashqi manbadan keladigan xabar ham emas. Ular kelajakka nigoh, aniqrogʻi, hech narsaning bashorati ham emas.
Barcha tushlarimiz qandaydir maʼnoda his-tuygʻularimiz, qoʻrquvlarimiz, ehtiroslarimiz, ehtiyojlarimiz va xotiralarimiz bilan bogʻliq. Ammo tashqaridan (tashqi dunyodan) biror narsa ularga taʼsir qilishi mumkin. Agar odam och, charchagan yoki sovqotgan boʻlsa, tushlarda bu tuygʻu boʻlishi mumkin. Agar ustingizdan koʻrpangiz tushib ketgan boʻlsa, tushingizda aysbergda ekaningizni koʻrishingiz mumkin. Bugun hayotingizda sodir boʻladigan voqealar tunda tushingizda kirishi mumkin.
Shunday qilib, tushingiz mazmuni oʻsha paytda sizga taʼsir qilayotgan narsaning (sovqotasiz, qandaydir shovqin eshitasiz, oʻzingizni noqulay his qilasiz va hokazo) natijasi boʻlishi mumkin. Shuningdek, tush oʻtmishdagi kechinmalar yoki hozirgi vaqtdagi xohishlar va qiziqishlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Ehtimol, shuning uchun ham kichkintoylar tushlarida sehrgar va parilarni, kattaroq yoshdagi oʻquvchi bolalar imtihonlarni, och odam ovqatni, uyini sogʻingan askarlar oʻz oilalarini va mahbuslar ozodlikni koʻrishsa kerak.
Keling, uxlayotganimizda sodir boʻladigan narsalar xohish va ehtiyojlarimiz bilan qoʻshilib, tushimizda qay tarzda gavdalanishini koʻrsatadigan bir tajriba haqida gapiraylik. Uxlab yotgan odamning qoʻlini gigroskopik¹ paxta bilan artishganida u tushida kasalxonada ekani, sevgan qizi yoʻqlagani kelib, karavotga oʻtirgani va qoʻlini silaganini koʻrgan.
Nega tush koʻrishimiz, ular nimani anglatishi, tushimizda nimalar namoyon boʻlishini maxsus oʻrganadigan mutaxassislar psixoanalitiklar deb ataladi. Ularning ushbu masalalarga oid fikrlarini hamma ham jiddiy qabul qilmaydi. Ammo bu baribir qiziqish uygʻotadi. Ularning aytishicha, tushlar amalga oshmagan istak va umidlarning koʻrinishidir. Boshqacha qilib aytganda, tush — bu xohishingizni amalga oshirishning bir usuli.
Uyqu paytida toʻxtatuvchi omillar ham uxlaydi. Biz istaklarimizni erkin his qila olamiz. Hatto borligini oʻzimiz ham bilmagan orzularimizni shu tarzda amalga oshiramiz.
Tushimizning eng qiziq joyini koʻrayotganimizda bizni uygʻotishlari koʻpchiligimizga yoqmasa kerak-a?
[1] Gigroskopik — namni tez tortib oladigan, namga oʻch.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.