Qon quyish nima?
Qon quyish nima? Qachondan insonlarga qon quyila boshlangan?
2 min
Bu nima?

Askarning jarohat olishi, zavodda ishchi bilan yuz bergan baxtsiz hodisa, yoʻl transport hodisasi, ichki qon ketish tufayli oʻlim toʻshagida boʻlgan bemor kabi koʻp sabablarga koʻra qonga boʻlgan ehtiyoj paydo boʻlishi mumkin.

Tananing yoʻqotgan tashqi xavflarga qarshiligini tiklash yoki uni oldindan mustahkamlash uchun qon kerak. Bemorning tomirlariga quyilgan bir-ikki litr yangi qon koʻp hollarda bemor uchun yangi hayotni anglatadi.

Qon quyish gʻoyasi yangi emas. 1654-yilda italiyalik shifokor Franchesko Folli bir hayvon qonini boshqasiga quyishga harakat qilib koʻrgan. Keyinchalik hayvon qonini odamga ham quyishga urinib koʻrgan, ammo natijasi salbiy boʻlgan.

Bugungi kunda bir turdagi hayvonlarning qonini boshqalariga quyib boʻlmasligini bilamiz. Yaʼni aslida u zahar kabi taʼsir qilib, oʻlimga olib keladi. Birinchi jahon urushi paytida qon quyishda katta yutuqlarga erishildi. Baʼzi odamlarning qoni boshqalarga quyilishi salbiy oqibatlarsiz boʻlmasligi aniqlandi.

Bir qon guruhiga ega boʻlgan donorning (qon beruvchi) qoni har doim ham boshqa odamga mos kelmasligi sababli hozirda qon guruhini oldindan aniqlash tatbiq qilingan. Bundan tashqari, shifoxonalarda “qon banklari” mavjud boʻlib, ularda qon sovuq haroratda saqlanib, favqulodda vaziyatlarda foydalanishga tayyor turadi. Ushbu banklar oddiy banklar kabi ishlaydi — qon “omonatlarini” olib, pul oʻrniga qon beradi. Bu shuni anglatadiki, har qanday guruhdagi qonga ehtiyoj boʻlgan taqdirda ham bankda maʼlum bir zaxira mavjud boʻladi.

? Bugungi kunda qon banklari nafaqat qon, balki plazma¹ ombori hamdir. Qonning suyuq yoki plazma qismi qon hujayralaridan ajratib, muzlatiladi. Keyin plazma quritish jarayonidan oʻtadi va kukunga aylanadi. U germetik qoplarga solinadi va sterilizatsiya (mikroblardan tozalash) qilingan suv solingan idishlar bilan birga qoʻyiladi. Qonga ehtiyoj boʻlganda suv plazmaning asl suyuq holatini tiklaydi va uni inyeksiya (ukol) uchun yaroqli holga keltiradi. Bunda qon guruhi ahamiyatga ega emas, chunki plazmada qon hujayralari yoʻq. Shuning uchun uni har qanday joyda va har qanday qon guruhli bemor uchun ishlatish mumkin.


[1] Plazma — qonning suyuq qismi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!