20.02.2024
Eng och rangli teriga ega odamlarni Shimoliy Yevropada koʻrish mumkin va ular shimoliy toifaga mansub. Terisi eng qora odamlar esa gʻarbiy Afrikada yashaydilar. Janubi-sharqiy Osiyo aholisining terisi sargʻish rangga ega. Biroq koʻpchilikning terisi oq, qora yoki sariq emas, balki oqish, bugʻdoyrang yoki jigarrang boʻladi.
Teri rangidagi bu farqlarning sababi nima? Bu — tana va terida sodir boʻladigan kimyoviy jarayonlarning natijasi. Teri toʻqimalarida oʻzi rangsiz boʻlgan va “xromogenlar”¹ deb nomlanadigan rang komponentlari (tarkibiy qism) mavjud. Muayyan fermentlar² ularga taʼsir qilganda tegishli teri rangi paydo boʻladi.
Odamda xromogenlar yoʻqligi yoki fermentlarning notoʻgʻri ishlashini tasavvur qiling-a! Bunday odam “albinos”³ deb ataladi. Bu jarayon dunyoning istalgan joyidagi odam bilan yuz beradi. Afrikada ham albinoslar bor va ular har qanday oq odamga nisbatan oqroq boʻladi.
Inson terisining oʻzi hech qanday moddasiz — sutrangda. Ammo terida sariq pigment⁴ borligi sababli bunga sariq rang qoʻshiladi. Teridagi komponentlar orasida yana bir rang — qora rang ham bor. Bu modda aslida jigarrang, ammo koʻproq qora rangga oʻxshaydi. Teridagi yana bir tus undagi mayda tomirlar orqali tanada aylanib yuradigan qonning qizil rangi sababli paydo boʻladi. Har bir insonning teri rangi toʻrtta rang — oq, sariq, qora va qizil ranglar qoʻshilmasidir. Insoniyat teri ranglarini barchamizda mavjud boʻlgan ushbu rang komponentlarining turli xil kombinatsiyalari bilan olish mumkin.
Quyosh nuri terida qora pigment — melaninni hosil qilishga qodir. Shuning uchun tropikada yashovchi odamlarda bu pigment koʻproq va ularning terisi qoraroq. Agar siz ham bir necha kunni oftobda oʻtkazsangiz, quyoshning ultrabinafsha nurlari teringizda koʻproq melanin hosil qiladi. Natijada qorayasiz!
[1] Xromogen — osonlik bilan boʻyoq yoki boshqa rangli birikmaga aylanadigan modda.
[2] Ferment — tirik hujayrada ishlab chiqariladigan va organizmda modda almashinuvini tartibga solib turadigan organik modda.
[3] Albinos — teri va sochlarida (oq rangda) va koʻzlarida (odatda, pushti rangda) tugʻma pigment yoʻqligi boʻlgan odam yoki hayvon.
[4] Pigment — organizmlar toʻqimalari tarkibiga kiradigan boʻyoq birikmalar.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.