Biz nega kulamiz?
Kulgi hissiyotimiz ifodasimi? Kulgi nima?
2 min
Inson organizmi

Siz hazil qilganingizda atrofingizdagi odamlar kulmagan holat boʻlganmi? Hech qachon kulmaydigan yoki aksincha, doim tabassum bilan yuradigan odamlarni bilasizmi? Gap shundaki, kulgi tanamizdagi biror-bir mexanik jarayon tufayli roʻy bermaydi. Biz u orqali his-tuygʻularimizni ifoda etamiz. Bu haqiqiy huzurlanish yoki koʻngil shodligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Ochigʻini aytganda, kulgining bitta “mexanik” sababi ham bor — bu qitiq. Ammo bu tananing tashqi taʼsirga javob reaksiyasi — refleks harakati xolos. Bu kulgining boshqa turlari bilan umuman bogʻliq emas. Biz kulganimizda oʻz-oʻzidan his-tuygʻularimizni ifoda etamiz va bu esa xotira, tasavvur, fikr yoki biror narsani koʻrish natijasida yuzaga keladi. Xoʻsh, bizdagi bunday reaksiyaga nima sabab boʻladi?

Bu savolga inson xatti-harakatlarini oʻrganadigan odamlar — psixologlar javob berishadi. Ular koʻplab nazariyalarni ishlab chiqishgan boʻlsa-da, hech qaysi biri bu hodisani toʻliq tushuntirib berolmaydi.

Ulardan biri kulgini ijtimoiy hodisa deb hisoblaydi. Agar televizorda biron bir kulgili narsani yolgʻiz koʻrsangiz, uning taʼsirida baland ovozda kulishingiz dargumon. Biroq bu doʻstlar davrasida kuchli hissiyotlarni qoʻzgʻashi mumkin. Yana bir misolni koʻrib chiqaylik, bir nechta kishi bir-biriga turli hikoyalarni aytib, suhbat qurib, kulishib oʻtirishibdi. Ularning yonida oʻtirib, nima haqida gaplashayotganini eshityapsiz, lekin siz ularning quvnoqlar guruhidan emassiz. Katta ehtimol bilan siz hatto tabassum ham qilmaysiz.

Umuman olganda, hammamiz kulgiga nima sabab boʻlishini bilamiz. Birovning besoʻnaqayligi (masalan, agar odamning qoʻlidagi hamma narsasi tushib ketsa yoki u sirgʻalib ketib, yiqilib tushsa) bizning kayfiyatimizni chogʻ qilishi mumkin. Buni oʻsha paytda oʻz ustunligimizni his qilishimiz va bu bizga zavq bagʻishlashi bilan izohlash mumkin. Mana shu kulgi esa bizning his-tuygʻularimizni ifodalaydi. Sabablariga koʻra esa kulgi turli xil boʻlishi mumkin. Yumor bir turdagi kulgini, kulgililik — boshqasini, bemaʼnilik — uchinchi xil kulgini keltirib chiqaradi. Kulgi nafratni ham ifoda etishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, kulgi bu — his-tuygʻularimizning ifodasi, atrofimizdagi baʼzi hodisalarga boʻlgan reaksiya.

Kun davomida koʻproq tabassum qilishni unutmang. Axir bizga kulish yarashadi!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!