Nega ba’zi odamlarda allergiya bor?

Allergiya borligi — bir yoki bir nechta moddaning taʼsiriga moyil yoki sezgir boʻlishni anglatadi. Bu oziq-ovqat, kimyoviy, oʻsimlik va hayvonot mahsulotlari, hatto uydagi chang yoki mushuk, it va otlarning junlari sababli boʻlishi mumkin.

Allergik reaksiyaga¹ sabab boʻladigan moddalar allergenlar deb ataladi. Xoʻsh, nima uchun ular baʼzilarga taʼsir qilib, boshqalarni chetlab oʻtadi? Tibbiyot hali buni izohlab bera olmaydi. Koʻpgina shifokor va olimlarning fikriga koʻra, bunda irsiyat katta rol oʻynaydi. Bobo-buvi, ota-ona hamda ularning farzandlari ham bir xil allergiyadan aziyat chekadigan butun boshli oilalar mavjud.

Ammo faqat bitta aʼzosi ayrim moddalarga sezgir boʻlgan oilalar ham bor. Kasallikning rivojlanishida hissiyotlar muhim rol oʻynaydi deb taxmin qilinadi. Nomaʼlum sabablarga koʻra qoʻrquv, gʻazab va xavotir allergiya xurujlariga olib kelishi mumkin.

Bunday insonning tanasida qanday jarayon sodir boʻladi? Baʼzi moddalar tanaga tushganda ayrim hujayralarning antitanalar² deb ataladigan kimyoviy moddalarni ishlab chiqarishiga olib keladi. Ular infeksiyalarga³ qarshi asosiy himoya vazifasini bajaradi. Ammo allergiyada bu kutilmaganda juda koʻngilsiz oqibatlarga olib keladi.

Allergen oʻz antitanasiga qoʻshilib gistamin⁴ ishlab chiqaradi. U qon tomirlari va oʻpkaga taʼsir qilib allergik reaksiyalarga sabab boʻladi. Ammo juda oz miqdorda ishlab chiqarilgani yoki tananing faqat alohida joylarida toʻplangani uchun u shu paytgacha kasallikka chalingan odamning qonida topilmagan.


[1] Reaksiya — tashqi va ichki qoʻzgʻatuvchilarga javoban inson va uning tana aʼzolarida paydo boʻladigan harakat, jarayon yoki holat; aks taʼsir.
[2] Antitanalar — tanada antigenlar paydo boʻlishi bilan yuzaga keladigan va ularning taʼsirini yoʻqotadigan moddalar.
[3] Infeksiya — kasallik paydo qiladigan mikroorganizmlar sababli kasallikning yuqishi; yuqtirishlik.
[4] Gistamin — kuchli biologik taʼsirga ega toʻqima gormoni.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!