Bosh aylanganda nima sodir bo‘ladi?
Bosh aylanishi nima sababdan sodir bo'ladi?
2 min
Inson organizmi

Yerda yashovchi har bir mavjudot oʻz muvozanatiga ega boʻlishi kerak. Tortishish kuchi taʼsirida hamma narsa yerga tortilgani tufayli har bir odam normal harakat qilishi uchun fazoda oʻz muvozanatini sezishi kerak.

Muvozanat hissiga masʼul inson aʼzolari yarim doira kanallari deb ataladi. Bular quloq ichidagi yarim doira shaklida choʻzilgan uchta naychadir.

Nega ular uchta? Chunki fazo uch oʻlchovga ega. Uchta kanal aynan shu uch yoʻnalishda joylashgan. Bir uchi ampula deb ataladigan sharsimon kengaygan naychalar ichida suyuqlik bor. Ushbu ampulalarda asab tolalari bilan bogʻlangan va sezgir hujayralardan iborat qattiq tuklar oʻsadi.

Kanallardagi suyuqlik harakatlanganda, tuklar egiladi. Natijada bu haqda miya va mushaklarga signal yuboriladi. Naychalar uch xil yoʻnalishda joylashgani sababli istalgan yoʻnalishdagi harakat tuklarning taʼsirlanishiga olib keladi. Masalan, mashinada harakatlanganda ikkita kanaldagi tuklar faollashmaydi. Lekin oldinga yoki orqaga harakat qilishga masʼul tuklar egiladi. Bunga esa suyuqlik sabab boʻladi.

Turgan joyimizda tez aylanyapmiz deb tasavvur qilaylik. Gorizontal yarim doira kanalidagi suyuqlik sezgir tuklarni orqaga egadi. Toʻxtaganimizda limfa¹ inersiya² bilan aylana boʻylab harakatlanishda davom etadi. Bu esa tuklarning teskari yoʻnalishda egilishiga olib keladi. Shuning uchun bir joyda tursak ham oʻzimizni aylanayotgandek his qilamiz yoki butun olam atrofimizda aylanayotgandek tuyuladi. Boshqacha qilib aytganda, bosh aylanishini his qilamiz.


[1] Limfa — hujayralar orasidagi bo‘shliq va limfa tomirlaridagi rangsiz, tiniq suyuqlik.
[2] Inersiya — jismlarning tashqi kuch majbur qilmaguncha tinch holatini saqlashi. 

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!