20.02.2024
Evolyutsiya (toʻxtovsiz rivojlanish) haqidagi fanda yozilishicha, koʻp yillar oldin qushlar sudralib yuruvchilar oilasiga mansub boʻlgan. Ammo rivojlanish jarayonida ular bu qatordan chetlashgan va tangachalar patlarga aylangan. Gap shundaki, patlar bu — boshqa hayvonlarda tuyoq, shox va dumlarni tashkil etuvchi moddaning boshqacha shakli.
Pat uchiga qarab torayib borgan oʻzakdan iborat. Yuqoridagi ingichka qismi nayza, pastki qismi esa oʻzak yoki dasta deb ataladi. Oʻzakning ichi boʻsh boʻlib, oʻsish paytida u tufayli ozuqa moddalari pat uchigacha yetib boradi.
Qush patlarining rangi ularni hosil qiluvchi modda tarkibidagi pigment (organizm toʻqimalari tarkibidagi boʻyoq birikma)ga bogʻliq. Baʼzi ranglar pat yuzasida yorugʻlik aks etishi sababli hosil boʻladi. Qushlarning rangi ular isteʼmol qiladigan ozuqaga ham bogʻliq. Masalan, baʼzi kanareykalar tuxumdan ochib chiqqandan keyin ozuqasiga biroz qizil qalampir qoʻshilsa, ular sariq oʻrniga yorqin toʻq sariq pat bilan qoplanadi.
Qushlar har yili patlarini yangilaydi. Tullash deb ataladigan davrda koʻp qushlar patining bir qismini tashlaydi. Oʻrniga tezda yangilari oʻsib chiqadi.
Patlarning ikki turi mavjud. Tana konturini (tashqi tomon) shakllantiradigani “kontur patlari”, ularning tagidagi yumshoq, momig‘i esa “par” deb ataladi. Tuxumdan ochib chiqqanda qush tanasi par bilan qoplangan boʻladi. Tez orada ular oʻz oʻrnini bir hujayra teshigidan oʻsib chiqadigan doimiy patlarga boʻshatib beradi.
Patlar tuzilishi va oʻlchami qushning turmush tarziga bogʻliq. Masalan, boyqushning patlari momiqday yumshoq boʻlib, bu unga sekin, ammo tovushsiz uchish imkonini beradi. Qirgʻiy patlari kalta va tanaga yopishib turgani uchun bu havo qarshiligini kamaytirishga yordam beradi. Natijada u yuqori tezlikda ucha oladi. Suvda yashaydigan qush patlari yogʻli suyuqlik bilan yumshatilgani tufayli ular suv oʻtkazmaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.