Qushlar uyga yo‘lni qanday topadi?

Tabiatdagi eng gʻaroyib va sirli narsalardan biri bu — baʼzi hayvonlarning eng chekka joylardan ham uyga yoʻlni topib kelish qobiliyati. Qushlar bunga qodir boʻlgan yagona jonzotlar emas. Asalarilar, baliqlar ham uzoq safarlardan soʻng maʼlum bir joyga qaytib kela oladi.

Qushlarning uyga qaytishiga nima sabab boʻlishini bilish uchun koʻplab tajribalar oʻtkazilgan. Tajribalarning birida yettita chumchuq uyasidan 650 kilometr uzoqlikka qoʻyib yuborilgan. Ulardan beshtasi uyiga qaytib kelgan. Yana bir tajribada dengiz qushi turiga mansub qushlar samolyotda dengiz qirgʻogʻidagi uyalash joyidan Venetsiyaga olib kelingan. Qoʻyib yuborilgach, ular orqaga qaytgan. Agar toʻgʻri chiziq boʻyicha hisoblansa, masofa 1500 kilometrni tashkil qilgan edi.

Qushlarning uzoq masofaga parvozi ushbu noyob qobiliyatning yanada ajoyib namunasini taqdim etadi. Janubiy Afrikadan Angliyaga har yili qaytib keladigan chumchuqlar bor. Ammo ular har bahorda bu mamlakatga nafaqat uchib keladi, balki oʻtgan yilgi joyga uya qurishga harakat qiladi. Ular qancha masofani bosib oʻtishini bilasizmi? Oʻn ming kilometr!

Maʼlum boʻlishicha, kapalaklarning ayrim turlari koʻchib yuruvchilar bo‘lib, uyiga yoʻlni uzoq masofadan ham topa oladi. Tropiklarda baʼzan bir yoʻnalishda uchib ketayotgan kapalaklarning ulkan galasini kuzatish mumkin. Ular minglab kilometr yoki undan koʻproq masofani bosib oʻtishi va keyingi mavsumda yana qaytib kelishi mumkin.

Barcha qilingan saʼy-harakatlarga qaramay, ushbu jonzotlar uyga yoʻlni qanday topishini izohlashni hali aniq bilmaymiz. Koʻplab qushlar parvoz paytida ulkan suv havzalaridan uchib oʻtishini hisobga olsak, ularning bu qobiliyatini qandaydir mo‘ljallardan foydalanishi bilan izohlab boʻlmaydi. Ularning instinkti borligi haqidagi taxminlar esa bizni qoniqtirmaydi. Bunday parvozlarning sababi oziqlanish va nasl qoldirish uchun zarur qulay shart-sharoitlarni izlashdir. Lekin ular parvoz paytida foydalanadigan signallar va yoʻlkoʻrsatkichlar inson uchun haligacha sirli boʻlib qolmoqda.

Demak, kuz kelishi bilan issiq o‘lkalarga uchib ketadigan qushlar butun umr o‘sha joyda qolib ketmay, bahorda yana o‘z uyasiga qaytishi ham ularning noyob qobiliyatlaridan darak berar ekan!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!