Musiqiy did va didsizlik
Oʻrta
8 min
29.03.2023
San’at

Baʼzan atrofimizdagi insonlar eshitayotgan musiqalardan hayratga tushamiz: qanday qilib shunday mahzun kuylarni eshitish mumkin yoinki bunchalar quloq yirtar ohanglarni tinglash uchun qancha kuch kerak ekan? Ehtimol, bizga manzur boʻladigan, sevib, “quloqdan qoʻymay”digan kuylar ham kimdadir shunday gʻalati taassurotlar uygʻotar. Xoʻsh, oʻzi qanday inson musiqiy did sohibi?


Oʻzi nima gap?

Did tushunchasi XVII asrdan shakllana boshlagan. Oʻzbek tilining izohli lugʻati bergan maʼlumotga koʻra, did – aql-farosat, fahm, idrok degan maʼnolarni anglatadi. Demakki, did bu – aqliy faoliyat, intellektual tushuncha. Musiqa tilini tushunish, uning saralarini ajrata bilish, umuman olganda musiqiy didli boʻlish hamma insonlarda ham boʻlmagan qobiliyat. Did tushunchasi salohiyat bilan bogʻliq ekan, bizga gʻalati tuyulgan musiqalarni jonquloq boʻlib tinglaydiganlarni musiqiy bilimsiz va diddan mahrum deb hisoblash mumkinmi? Oʻzi did shakllanishi chindan ham aqliy jarayonmi? Unga taʼsir qiluvchi boshqa omillar ham bormi? Maqolada ana shular haqida fikr yuritiladi.


Musiqiy tanlov: oddiy tinglovchilar, professionallar, estetik idrok va his

Xalqimiz orasida shunday gap bor: “Qaysi kitobni oʻqiyotganing, qanday musiqa tinglayotganing va kimlar bilan doʻst ekaning bugungi sen haqida ochiq soʻzlaydi”. Baʼzan oddiy tinglovchi professional musiqachilar davrasida oʻzini Janni Rodarining yagona “Qutbdagi gunafshasi” singari his qilishi mumkin. Ular tinglayotgan musiqa oldida oddiy tinglovchi bisoti gʻaribdek tuyuladi. Bu musiqiy tanlov oldida oddiy tinglovchilar ojiz ekanini anglatadimi? Albatta, yoʻq. 

Musiqiy isteʼmol har kim uchun individual, u xuddi bugun qanday ovqatni tanovul qilishni istaganimiz va bu borada erkin tanlov qilishimiz bilan bir xil. Jism ozuqani hazm qilishi va ruh musiqa tinglashi – madaniy oziqlanishi ham tamoman individual hodisa. Shu bilan birga, bu professionalizmni yoʻqqa chiqarmaydi. 

unsplash.com

Amerikalik psixolog, Harvard universiteti professori Hovard Hardnerning koʻp tarmoqli intellekt nazariyasiga koʻra, inson yaxlit emas, bir necha intellekt sohibi hisoblanadi. Yaʼni odam tanasida idrok qobiliyati bir emas, naq sakkizta zakovat turi bilan bogʻliq. Ana shulardan biri tinglash orqali kechadigan musiqiy-ritmik intellektdir. Tadqiqot mohiyatida bashariyat tashqi muhitdan musiqiy intellekt orqali oladigan maʼlumotlar va ularning sinteziga eʼtibor qaratiladi. Shunday ekan, bu musiqiy did shakllanishida idrokning ahamiyatini tasdiqlaydi. Demak, professionallar ohang, musiqiy bilimlar borasida oddiy tinglovchilarga qaraganda birmuncha ustunlikka ega. 

Ruhshunos Diana Omidjiga koʻra, musiqiy did inson obyektlarni qanday baholashi va oʻzi uchun ularning qadrini belgilaydigan estetika sohasi bilan uzviy bogʻlangan. Koʻpchilik bu tushunchani bizga u yoki bu janr, uslub va qoʻshiqchilar yoqishi bilan izohlab qoʻya qoladi. Ruhshunoslar ham aynan shuni oʻrganishadi. Ular tajriba qatnashchilaridan ularga rok, pop, klassik va hokazo musiqalar qanchalik yoqishini besh ballik tizimda baholashni soʻrashadi. Shunday tizim orqali musiqiy didni aniqlash mumkinmi? Musiqiy didning eng yuqori nuqtasini goʻzallik bilan izohlasak, goʻzallikning asl koʻrishi qanday oʻzi? Savollar zanjiridan xalos boʻlishda bizga tafakkur yordam beradimi yoki hislar? 

Wikipedia bizga taqdim etgan maʼlumotlarga qaraganda, estetika (qadimchi yunoncha: αἴσθησις; nemischa: Ästhetik — “his”, “tuygʻu”) olamning hissiy qabul qilinishini tadqiq etuvchi fandir. Estetika soʻzining oʻzida tuygʻu yashirin ekan, estetik idrok tushunchasi oʻzini qanchalik oqlaydi? Tarozi pallasi musiqiy didni shakllantirishda estetik his tomonga ogʻib borayotgandek. Davomini koʻramiz.

unsplash.com

Kontrast: empirik estetika va hissiy ehtiyoj

Empirik estetika XIX asrda Gustav Teodor Fey tomonidan asos solingan psixologiya sohasidir. Feyning fikricha, estetika – tajriba taʼsirida subyekt va obyekt xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tushunarli boʻlgan empirik idrok. Estetika asosi tuygʻular boʻlaturib, baribir idrokka tayanishi yana hammasini chigallashtirib yuboradi.

Shu oʻrinda yana savollar tugʻiladi: musiqa tinglayotgan inson uni idrok qiladimi yoki his etadi? Ohanglarga boʻlgan ehtiyoj tafakkur muhtojligini yoki hissiy muhtojlik? Musiqa yaralishiga koʻra, hissiyot mahsulimi yoki inson aqli yuksakligi namunasi? Savollar koʻpaygani sari, bu ikki qarama-qarshilik magnitning ikki qarama-qarshi tomoni kabi bir-biriga tortilib borishini koʻramiz. Bu bizga oʻsha eski muammo: yurak va aql orasidagi bahsni eslatib yuboradi. Baribir qiziq.


Ham aqlni charxlaydi, ham qalblarni toʻlqinlantiradi

Shu oʻrinda, musiqa taʼlim sohasida multimedia vositalari safida samaradorlik koʻrsatkichlari ortishiga olib kelayotganini alohida taʼkidlash kerak. Bugungi kunda maʼrifiy xarakterga ega boʻlgan audio vositalar oʻquvchilarga yangi tillarni oʻrganish, umumtaʼlim fanlarini yaxshi oʻzlashtirishga yordam berish bilan birga, ustoz va murabbiylarning pedagogik yordamchisiga ham aylanib ulgurdi. Agar musiqani hissiyot mahsuli deb qabul qilganimizda ham bu taʼsir uning taʼlimiy ahamiyatini oshirib beradi.

Shakl va mazmun munosabati tobora bahsli boʻlib borar ekan, mazmunni ifodalovchi turli xabar, intervyu, soʻrovnoma kabilarga qoʻshimcha sifatida mahzun, insonni qoʻrqituvchi, oʻyga toldiruvchi musiqalar tanlanishi esa “raqamlashib” borayotgan qalblarni yumshatishga, hissiy odob, axloq tarbiyasini berishga xizmat qilayotgani musiqaning estetik tarbiya vositasi ekaniga ishora qiladi.


Nega tanlovlar turlicha?

Musiqiy tanlovlar turlicha boʻlishiga juda koʻp omillar taʼsir koʻrsatadi. Ijtimoiy, madaniy, ruhiy, yosh xususiyatlari va boshqalar. Oddiy misol, nuroniy otaxonlar va pari buvilar tinglaydigan kuylar sokin, yoshlar eshitadigan ohanglar shiddatkor; quvnoq insonga manzur boʻladigan kuy oʻzidek shoʻx, jiddiy odam tinglovchi taronalar biroz vazmin; musiqaga oshno muhitda ulgʻaygan bolakayning hamrohi doim musiqa boʻlsa, bu olamdan yiroq oʻsgan qizaloq esa onda-sonda musiqaga murojaat qilishi tabiiy holat. Tanlovning qandayligi, miqdori – barcha-barchasi insonlarning kelib chiqishi, ular oʻsgan muhit, musiqaga boʻlgan munosabat, inson xarakteri, yoshi, ruhiy holatiga bogʻliq boʻlishi mumkin. 

Tanlov turlicha boʻlishi bilan birga tanlov boʻlmasligi holati ham mavjud. Qanday deysizmi? Тurkiyalik yozuvchi Salih Uyan oʻzining “Ruhiyat parhezi” asarida yozishicha, mamlakatda musiqa fabrikasi yaratilgan va bu fabrikada yaroqsiz notalar ishlab chiqariladi: “Fabrikaning orqa eshigida bir necha daqiqa davomida tashqariga qo‘shiq to‘kiladi. Atrofda to‘planib turgan bir necha million odam bu yaroqsiz notalarni “iste’mol” qilishga tayyor bo‘lib turibdi. Ruhlar juda och bo‘lgani uchun tanlov degan narsa yo‘q. Duch kelganini “yamlamay yutishadi”.

Bundan xulosa qilish mumkinki, tanlov sifati mahsulotning xilma-xilligi, koʻpligi, elakdan oʻtkazilgani kabi omillarga ham bogʻliq.

unsplash.com

Idrok va tuygʻular birligida musiqiy did

Musiqiy did shakllanishida har ikki omilning taʼsiri borligini rad etolmaymiz. Balki shu sababdan til koʻnikmalarini baholash turlarida tinglab tushunish imtihonlari ham bordir. Yaʼni faqat tinglashning oʻzi emas, tushunishga ham urgʻu berilmoqda. 

Demak, kimnidir musiqiy didsizlikda ayblashga shoshilmaylik. Uning tafakkur qobiliyati, hissiy olami bilan tanish emasmiz, axir. Qolaversa, ongostida kechuvchi bir qancha jarayonlar yoki ruhiyat ehtiyoji sifatida tanlangan qoʻshiqlarni kamsitish oʻsha shaxsning tanlovi, qadriyatlarini yerga urish bilan barobar. Faqat oʻzimiz tinglaydigan qoʻshiqlarni boshqalar ham tinglashi kerak deb bilmaslik, buni targʻib koʻrinishiga keltirmaslik kifoya. Umumiy xulosa qiladigan boʻlsak, mashhur turk maqolida aytilganidek, “Ranglar va did borasida bahslashilmaydi”.


Muqova surat: freepik.com

Manbalar:

Oʻzbek tilining izohli lugʻati
verywellmind.com/gardners-theory-of-multiple-intelligences-2795161
postnauka.ru/faq/97693
uz.wikipedia.org/wiki/Estetika
ru.knowledgr.com/19375567/ЭкспериментальнаяЭстетика
→ Salih Uyanning “Ruhiyat parhezi” kitobi

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!