Musiqa stressni yenga oladimi?
6 min
31.03.2023
San’at

Musiqa inson hissiyotlari, kayfiyati va hatto salomatligiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Chunki musiqadagi ohanglar tashuvchi dard, quvonch, sogʻinch — barchasi “yuqumli”. Shu sababdan ulardagi kechinmalarni tezda oʻz kayfiyatimizda koʻramiz. Musiqa inson hissiyotlariga qanday taʼsir koʻrsatadi? Asosiysi, musiqa stressni yengishga yordam bera oladimi? 



Inson kechinmalariga taʼsir

Musiqa (yunonchadan “mousiche” — muzalar sanʼati) — inson hissiy kechinmalari, fikrlari, tasavvur doirasini musiqiy tovush (ton, nagʻma)lar izchilligi yoki majmui vositasida aks ettiruvchi sanʼat turi. Uning mazmuni oʻzgaruvchan ruhiy holatlarni ifodalovchi muayyan musiqiy badiiy obrazlardan iborat. 

Wikipedia taqdim etgan maʼlumotga qaraganda musiqa aslan insonning hissiy kechinmalarini aks ettiruvchi sanʼat turi. Shuning uchun ham u hissiyotlarga yaxshi taʼsir oʻtkazadi. Chunki uning mazmuni ham yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, ruhiy holatlarni ifodalovchi musiqiy badiiy obrazlardan iborat. Demak, undagi har qanday musiqiy badiiy obraz ruhiy holatlarni ifodalab keladi. 

Inson his qiladigan kechinmalarning sanogʻi boʻlmasa kerak. Lekin xususiylik nuqtayi nazaridan emas, umumiylik tarafdan baho bersak, ularning barchasini ikki guruhga ajratish mumkin: ijobiy va salbiy hislar. 

Yaxshi kayfiyat, xursandchilik, baxt, quvonch, shodlik, kulgi… Biz yaxshi hissiyotlar deb ataydigan kechinmalarning nomlarini hali uzoq davom ettirish mumkin. 

“Pozitiv psixologiya jurnali” oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, yaxshi kayfiyatda boʻlgan inson eshitgan “yaxshi kayfiyatli” musiqalar uning yanada koʻtarinki ruhda boʻlishiga yordam beradi. Demak, ijobiy hislar ulashuvchi ohanglarning yaxshi kayfiyatdagi odamga taʼsiri ham yaxshi boʻladi. 

Yoki boshqa bir manba fikriga qarasak, aslida yaxshi kayfiyat bisotimizga quvnoq taronalarni tinglashga turtkidir. Bunda yaxshi kayfiyatning oʻzi quvnoq musiqalar eshitishimizga sababchi ekani aytilmoqda. Shunday ekan, bu ikki tushuncha jarayonda bir-birini taqozo etib boraveradi. 


Tarixda musiqa

“Musiqa bilan muolaja” nomli maqolada muallif musiqaning taʼsiri haqidagi tarixiy faktlarga murojaat qiladi. Bir qancha qiziqarli maʼlumotlarni oʻzida jamlagan manbaga koʻra, qadimgi yunonlar musiqani “ruhga taʼlim beruvchi” deb hisoblashgan. Apollon ularda sanʼat va hakimlik homiysi deya eʼtirof etilgan. Sababi chalgan kuylari bilan insonlarning gʻam-tashvishlarini aritgan ekan. 

Musiqa terapiyasidan qadimgi Misrda ham foydalanilgan ekan. Maʼlumotlarga koʻra, ular musiqani bemorlarni tetiklashtirishda va tugʻuruq paytida keng qoʻllashgan. 

Demak, musiqa bir qancha jarayonda insonlarga qadimdan koʻmakchi boʻlib kelgan, yomon kayfiyatdagi insonlarning gʻam-tashvishlarini ham ketkazgan. 


Musiqa va dard

Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov “Munojotni tinglab” nomli sheʼrida shunday yozgan edi:

Kuyi shunday boʻlsa dardning oʻziga
Qanday chiday oldi ekan odamzod?

Ehtimol, insonlar dardli ohanglarni tinglab, yuraklarni parchalovchi ohanglar aslida ularning qalbida kechayotgan hasratlardan ancha ogʻir ekanini anglab yetishgandir… 

Har ikki turdagi musiqa ham inson ruhining davosi ekanini isbotlovchi tadqiqotlar, kuzatuvlar, soʻrovnomalar koʻplab topiladi. Aslida ularsiz ham har bir inson oʻz hayotini yaxshilab kuzatsa, bir kun ham shunday misollarga boy ekanini koʻrish mumkin.


Stress va musiqa

Etimologik jihatdan stress soʻzi inglizcha atamadan kelib chiqqan. “Taranglik” yoki “bosim” degani. Ushbu atamani 1930-yilda shifokor Xans Selye kiritgan va 1950-yilda u stressga oid tadqiqotlarini nashr etgan.

Stress tirik odamning yoki ularning aʼzolarining holati tufayli vujudga keladi, ular odatdagidan ancha yuqori koʻrsatkichlarni talab qilib, ularni kasal boʻlish xavfiga olib keladi. Shunday qilib stress — bu jismoniy yoki ruhiy oʻzgarishlarni his qilish, bu odamda umidsizlik, asab va gʻazabni keltirib chiqaradi.

Jismoniy va aqliy faoliyatni oʻzgartirishga eng katta taʼsir koʻrsatuvchi gormon bu kortizol hisoblanadi. 

Bir qancha olimlar stressning oldini olishda yoki davolashda musiqaning ahamiyati borasida tadqiqotlar oʻtkazishgan. 


Tadqiqotlar

Neyroolim Deyzi Fankurt stress va musiqaning oʻzaro taʼsirini oʻrganar ekan, qondagi kortizol gormoniga diqqat qaratadi. Klassik musiqa konserti va pop musiqa konsertiga nisbatan biologik reaksiyalar farqlanadimi? Aniqlanishicha, yoʻq, kortizol miqdori har ikki turdagi konsert taʼsirida ham kamayar ekan. Klassik musiqa stress darajasini bosqichma-bosqich kamaytiradi va biz xotirjam tortamiz, pop konsert esa katartik (tibbiyotda maʼlum jarayonni tezlashtirib yuboruvchi modda) jarayon boʻlgani uchun butun boshli hislar spektrini boshdan oʻtkazamiz. Natijada esa har ikki turdagi konsert bizga xotirjam boʻlishga yordam beradi.

Bir-biridan qiziq maʼlumotlarni jamlagan va stressning oldini olishga qaratilgan boshqa bir maqolada musiqa stressdan boshqa ruhiy xastaliklarni davolashga ham qodir ekani aytiladi. Manbada qaysi musiqa asbobi qanday kasalliklarni davolashga yordam berishi haqidagi antiqa maʼlumotlar ham uchraydi va stressni davolashda eng qoʻl keladigan musiqa asbobi skripka ekaniga urgʻu beriladi. 

Hamshiralar bilan oʻtkazilgan boshqa bir tadqiqot shuni koʻrsatdiki, tanaffus paytida musiqa tinglash hamshiralar orasida stressning tarqalishini kamaytiradi, bu kasb uzoq vaqtdan beri stress va kasbiy charchashning yuqori darajasi bilan ajralib turadi. Ushbu tadqiqotda ishtirokchilar ikki guruhga boʻlingan. Bir guruh 30 daqiqa davomida oʻzlari tanlagan tinchlantiruvchi musiqani tinglashdi, ikkinchi guruh esa bir xil vaqt davomida stulda jimgina oʻtirishdi. Natijalar ikki guruh uchun solishtirilganda, musiqa tinglagan hamshiralarning oʻrindiqda oʻtirgan guruhga qaraganda stress darajasi, qondagi kortizol miqdori va yurak urish tezligi past boʻlgan.



Javobsiz savollar

Shuncha tadqiqot oʻtkazilganiga qaramay, koʻp narsa noaniqligicha qolmoqda. Masalan, stressni kamaytirishda erishilgan natijalar yigʻilib, uning uzoq muddatli biologik oqibatlarini neytrallashtirishga erishadimi, yoʻqmi, buni bilish uchun koʻproq tadqiqot oʻtkazish kerak. Yoki musiqa taʼsirida uning salbiy taʼsirlari ham koʻzga tashlanadimi? Masalan, yaxshi kayfiyatdagi insonga mahzun kuy qanday taʼsir qiladi?

Bundan tashqari, tadqiqotlar inson holati uchun musiqa tempi juda muhimligini koʻrsatmoqda. Lekin musiqaga nisbatan hissiy reaksiyamiz shaxsiy tajriba va xotiralarimizga bogʻliqligini ham unutmaslik kerak. Butun insoniyat uchun stressni kamaytiradigan universal vosita boʻladigan sehrli musiqa topilishi amrimahol, lekin musiqaning aynan qaysi xususiyatlari va shaxsiy tajriba hissiy reaksiyaga taʼsir qilishini tushunishga yaqinlashish mumkin. 


Muqova surat: freepik.com

Manbalar:

uz.wikipedia.org/wiki/Musiqa
psychcentral.com/news/2013/05/16/upbeat-music-helps-improve-mood#1
www.aimm.edu/blog/how-does-music-affect-your-mood
okuryazarim.com/muzikle-tedavi
ziyouz.uz/ozbek-sheriyati/ozbek-zamonaviy-sheriyati/abdulla-oripov/?lng=lat
infourok.ru/konsultaciya-profilaktika-stressa-sredstvami-muzikalnoy-kulturi-2984868.html
postnauka.ru/faq/96542
infourok.ru/konsultaciya-profilaktika-stressa-sredstvami-muzikalnoy-kulturi-2984868.html
pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/21645041

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!