Musiqa uxlashga yordam beradimi?
Oʻrta
4 min
23.03.2023
San’at

Kundalik hayotda uyquga ketishdan oldin musiqa tinglashni odat tusiga aylantirib olgan insonlar koʻplab topiladi. Musiqa uxlashga yordam beradimi, ehtimol xalaqit berar. Agar chindan ham koʻmakchi boʻlsa, qanday omillar taʼsirida shunday boʻladi? Musiqa tinglab uxlashning zararlari bormi? Maqolada mana shu savollar yuzasidan oʻtkazilgan tajribalar, ilmiy dalillar haqida hikoya qilamiz.


Uyqusizlik va musiqaterapiya

Statistik maʼlumotlarga qaraganda dunyo aholisining 35 foizi uyqusizlik dardidan aziyat chekar ekan. Bu haqda maʼlumot taqdim etgan avitsenna.uz bu darddan xalos boʻlish borasidagi maslahatlarini ham beradi. Ular orasida “Uxlashdan 5–10 daqiqa oldin — sokinlashtiruvchi mashqlar bajaring, sokin musiqa tinglang, vanna qabul qiling”, degan jumlani ham uchratish mumkin. 

Oʻzi uyqusizlik nima? Vikilugʻatʼga koʻra, uyquning buzilishi; tunda kam yoki yengil-yelpi uxlash, uyqu kelmaslik, bevaqt uygʻonaverish, juda erta uyqu oʻchib ketish va boshqalar uyqusizlik soʻziga izoh boʻladi. Ammo shunday holatlar bir marotaba takrorlanishi bilan inson oʻzini uyqusizlik dardiga mubtalo boʻlgan deb hisoblashi kerakmi? Yoʻq, albatta. Kasallik bu simptonlarning tez-tez takrorlanishidan soʻng yuzaga chiqadi. Demak, quyidagi holatlar sizda surunkali tarzda takrorlanib turgan boʻlsagina oʻzingizni uyqusizlik xastaligi bemori deb oʻylashingiz mumkin.

Musiqaterapiya — qoʻshiq aytish, cholgʻu asboblarini chalish, musiqiy asarlar tinglash boʻyicha maxsus tashkil etilgan davolovchi mashgʻulotlarni oʻz ichiga olgan sanʼat terapiyasi boʻlimlaridan biri. U koʻplab kasalliklarni davolashda qoʻllanadi. Bizga keraklisi esa musiqiy asarlar tinglash orqali davolash mashqlari. Rosti bunday davolash uslubi koʻpchilikka notanish, ammo bu haqda maʼlumot qidirish davomida koʻplab davlatlarda musiqaterapiya assotsiatsiyasi borligini koʻrish mumkin


Ha yoki yoʻq?

Asosiy mavzuga qaytsak, musiqa uyqusizlik dardining davosimi? Shu mavzuga bagʻishlangan “Uyqusizlik va stressga qarshi: musiqa yordam beradi” nomli maqolada klassik musiqa tinchlantiruvchi taʼsirga ega boʻlishi mumkinligini, ammo uyqusizlikka qarshi kurashda u eng yaxshi yordamchi emasligini aniqlagan tadqiqot haqida soʻz boradi. Tadqiqotda bu keng dinamik diapazonga bogʻliqligi, yaʼni hatto klassik kompozitsiyaning ichida balandroq tovushga — avjga ega boʻlgan kichik bir parcha ham butun taʼsirni buzishi mumkinligi aytiladi.

Uyquni taʼminlovchi melatonin moddasi ishlab chiqarilishi uchun tinchlanish zarurligi koʻp bor taʼkidlanadi. Uyqusizlikni davolash usullari orasida musiqa tinglash qoʻshimcha yordam beruvchi vositalar safiga kiradi. Yaʼni aslida usiz ham uyqusizlikni davolash mumkin. Ammo uning borligi qoʻshimcha kuch, bu xuddi zaxiraga oʻxshab ketadi. 


Tadqiqot nima deydi?

Uyqusizlik alohida mavzu. Ammo normal uyqu tartibiga ega boʻlgan insonlarda umuman musiqa orom olishga yordam beradimi?

Londonning Goldsmits universiteti olimlari odamlar uxlash uchun nega musiqadan foydalanishi va uni qanday tanlash bo‘yicha 403 kishida soʻrovnoma oʻtkazishgan.

Unda ishtirokchilarga quyidagi savollar bilan murojaat qilingan:

1. Qanday musiqa uxlashga yordam beradi?
2. Nega aynan musiqa uxlashga yordam beradi deb oʻylaysiz?

Soʻrovnomada ishtirok etganlar quyidagi fikrlarni bildirib oʻtgan:

1. Musiqa tugallangan kunimning voqealarini aks ettirishga yordam beradi;
2. Musiqa uyqumning sifatini oshiradi.


Qanday turdagi musiqa uxlashga yordam beradi?

Uyqu faqat insoniyatga tegishli faoliyat emas. Jonivorlar, hatto daraxtlarga nisbatan ham qishda “uxlaydi” soʻzini ishlatamiz. Insonlar bilan bir qatorda uy hayvonlariga ham uxlashdan oldin ayrim turdagi musiqalarni qoʻyib berish foydali ekan. Masalan, “Qanday ohanglar jonivor bolalarining uxlashiga yordam beradi?” nomli tavsiyaviy maqolada muallif sokinlashtiruvchi, mumtoz, shiddatkor boʻlmagan va past ovozli musiqalar kuchukchalarning uxlashiga koʻmakchi boʻlishini aytadi. 


Musiqa tinglab uxlash zararlimi?

Uyqu oldidan turli texnik vositalar oʻzimizdan uzoqda boʻlgani maʼqul. Shunday ekan, uyqu oldi musiqasini quloqchinlar bilan eshitmaslik tavsiya qilinadi. Hordiq.uz sayti bergan maʼlumotlarga koʻra, qattiq shovqin quloqdagi mayda hujayralarga zarar yetkazishi mumkin. Hujayralar zararlansa, quloqning ichki qismi miyaga tovushli xabarlarni yetkaza olmaydi. Vaqt oʻtishi bilan yanada koʻproq soch hujayralari zararlanganda eshitish qobiliyati buziladi.

Demak, uyqu oldidan quloqchinsiz va past tovushli, sokin musiqa tinglagan maʼqul.


Muqova surat: freepik.com

Manbalar:
avitsenna.uz/uyqusizlik
uz.wiktionary.org/wiki/uyqusizlik
yandex.ru/search/?text=Music+Therapy+Association&lr=10335
habr.com/ru/company/audiomania/blog/403689/
postnauka.ru/faq/96541
midogguide.com/tr/köpek-ırkları/hızlı-cevap%2C-hangi-müziğin-yavruların-uyumasına-yardımcı-olduğunu.html
hordiq.uz/2021/04/02/quloqchin-bilan-musiqa-tinglash-qanchalik-zararli/?lang=lat

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!