Mashhurlikni ta’minlashda musiqa qanchalik muhim?
Oʻrta
4 min
01.04.2023
San’at

Bu hayotda hamma narsaga bir-biriga bogʻlangan. Masalan, Garri Potter filmini tasavvur qilish bilan quloqlarimizga Xogvarts ostonasidan toʻkilgan ohanglar kirib kela boshlaydi. Yoki avtobusda ketayotganda iPhoneʼning maxsus musiqasi chalinishi bilan telefon sohibida qanday rusumdagi telefon borligi hamma uchun aniq boʻladi. Demak, musiqa maʼlum axborot tashuvchi resurs hisoblanadi. Ammo mazkur maqola musiqaning bu vazifasi haqida emas. Balki musiqa sahna ortida turib nimalarni mashhurlik sari yetaklab borayotgani haqida. Yoki oʻsha asarlar musiqani mashhur qilyaptimi?


Saundtrek nima?

Saundtrek (inglizcha “soundtrack”) — har qanday materialning musiqiy hamrohligi (film, multfilm, musiqiy film, teleshou, kompyuter oʻyini, kitob va boshqalar), shuningdek, ushbu asardan kompozitsiyalarni oʻz ichiga olgan musiqiy albom demakdir. Nutqimizda koʻp qoʻllanadigan soʻzning maʼnosi aslida koʻpchilikka tanish ham. Soundtrek film uchun muhimmi? Koʻpchilik bu borada yakdil xulosaga kelib ulgurgan va ularni navbatdagi savolning javobi qiziqtirmoqda: filmda musiqa nima uchun va qanchalik muhim?

“Filmda musiqa nima uchun muhim?” nomli maqolada aytilishicha, agar film musiqasi joyiga tushsa, uni muvaffaqiyatli deb hisoblashning uchta usuli bor. 

— film sharhlari;
— mukofotlar;
— tomoshabinlar munosabati. 

Demak, agar musiqa omadli chiqsa, film haqidagi sharhlarda tanqidchilar musiqa haqida alohida yozishadi, unga tanlangan musiqa nufuzli mukofotlarni qoʻlga kiritadi va tomoshabinlarning ijobiy munosabati va filmni aynan musiqa sabab qayta-qayta tomosha qilishlar asar omadli chiqqanini koʻrsatib beradi.

Ammo kimlar uchundir bunday musiqalar muhim emasdek, yaʼni ikkilamchi. Birlamchi unsurni toʻldirish uchungina ularga murojaat qilinishi haqidagi qarashlar ham ilgari suriladi. Darhaqiqat, aslida brend, reklama, kino va shu kabilarning asosida musiqa yotmaydi. U tamal mazmunni shakl bilan boyitib, bezab beradi. Ammo chinakam asar hech qanday pardozga muhtoj emas degan farazlar ham yoʻq emas. Bunga nima deysiz? Fikrlar turlicha boʻlishiga qaramay, musiqaning yordamchi kuchini inkor qilib boʻlmaydi. U muayyan asar, ijod namunasini toʻldirib, goʻzallashtirib beradi.


Kim kimni mashhur qiladi?

Yaxshi musiqa film muvaffaqiyatiga hissa qoʻsha oladimi? Yoki mashhur filmlarga tanlangan har qanday kuy kino soyasida taniqli boʻlib oladimi? Bu kabi savollar kinoshunoslar, qolaversa, kino ixlosmandlari uchun hamisha qiziq boʻlib kelgan. Muvaffaqiyatli film va unga tanlangan musiqa xuddi “uzukka koʻz qoʻygandek” mos boʻlishi mumkin. Ulushlar qanday taqsimlanishi bu yerda muhim emasdek, hatto ular bir-birlari uchun yaratilganga oʻxshaydi. 

“Quloqlar uchun ziyofat: biz tinglab toʻymaydigan 14 ta xorijiy teleserial musiqasi” nomli maqolada yozilishicha, qayerda ko‘pchilikni hayratga soladigan shou bo‘lsa, u yerda odatda yaxshi musiqa ham bo‘ladi. Kimdir maʼlum asarni unga ishlangan musiqa sabab “isteʼmol qiladi”, boshqa kimsa oʻziga serial kuchli taʼsir qilgani sabab uning kuyiga mahliyo boʻlib qoladi. Uchinchi shaxs har ikki ijod namunasini ham olqishlaydi. 


“Front” ortida. Brendlarni mashhur qilishda musiqa qanchalik ahamiyatli?

Bu boradagi fikrlari bilan oʻrtoqlashgan psixolog Daniel Myullenzifen musiqa iste’molchilarning mahsulotga bo‘lgan talabini oshirishda muhim hisoblanishini taʼkidlaydi. Uning qarashlariga koʻra, sohaning tijorat bilan bogʻliqlik tomoni mavjud. Brendni yanada qiziqarli va jozibador qilishda musiqadan toʻgʻri foydalanishni bilish katta foyda keltiradi.

Musiqa orqali brendni targʻib qilish borasidagi tadqiqotlar 25 yillar ilgari boshlangan. Haqiqatan ham musiqa brend haqidagi tasavvurlarni oʻzgartiradi, lekin uning barcha turlarini hamma mahsulot uchun qoʻllab bo‘lmaydi.

1990-yillarda musiqa va reklama qilinayotgan brend oʻrtasidagi bogʻliqlik oʻrganib chiqilgan. Unga koʻra, musiqa brendga qanchalik mos tushsa, mahsulotning ijobiy qabul qilinishiga shuncha koʻp hissa qoʻshadi. 

Hatto psixologiyada insonlar musiqalarni turli rusumlar bilan birga qoʻllashga, ularning mazmuni va kombinatsiyalarini oʻzgartirishga harakat qilgan amaliy yo‘nalish mavjud ekan.


Umumlashma

Musiqaning brendni, umuman olganda, asarni tanitishdagi ahamiyati qandayligi borasida hali koʻp izlanishlar amalga oshirilishi mumkin. Ammo oʻsha asarlarni musiqasiz tasavvur qila olmasligimizning oʻzi uning qiymatiga berilgan eng xolis bahodir.

Sahna ortida turib asarning muvaffaqiyatiga xizmat qiluvchi musiqa ham maʼlum mazmunga ega boʻlsa, u yakka holda ham — mashhur boʻlishiga xizmat qiluvchi asardan tashqarida ham — mashhurlikka erisha oladi. 


Muqova surat: Joseph Pearson / unsplash.com

Manbalar:
ru.wikipedia.org/wiki/Саундтрек
www.audionetwork.com/content/the-edit/expertise/why-is-music-important-to-film
listelist.com/muthis-yabanci-dizi-muzikleri
postnauka.ru/video/96598

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!