Nega ko‘pchilik musiqa tinglashni yoqtiradi? 
Oʻrta
7 min
23.03.2023
San’at


Nega musiqa tinglash koʻpchilikka birdek yoqadi? Tanlov turlicha boʻlishi mumkin, ammo inson u yoki bu turdagi musiqadan zavq oladi: raqs tushadi, birga xirgoyi qiladi, yigʻlaydi, oʻyga toladi, xotiralar ummoniga shoʻngʻiydi… Zamon, makon kabi tushunchalarni pisand qilmaydigan bu sanʼatning ommabopligiga sabab nima? Musiqiy lazzatdan mahrum insonlar ham mavjud ekanini bilasizmi? Bu maqola shular haqida.


Musiqani qabul qilishga miyaning qaysi qismi javobgar?

Har kuni musiqa tinglaymiz. “Yoʻq, men har kuni bunday qilmayman”, deya inkor qilishga biroz shoshildingiz. Har kuni qulogʻimizga musiqiy tovushlar beixtiyor kiradi. U mahallada boʻlayotgan toʻydan, qoʻshnimiz eshitayotgan qoʻshiqdan, avtobusdagi mini televizorlardan taralishi mumkin. Har kuni musiqa tinglasak ham musiqa oʻzi nima degan savolga tugal javob berishda biroz kalovlanib qolamiz, bilamiz, ammo ifodalay olmaymiz. Shu paytda bizga Vikipediya yordam beradi. 

Musiqa (yunoncha “μουσική” — ilhom parilari san’ati) — tovush sanʼatidir; musiqiy asarga nisbatan ham musiqa atamasi qoʻllanishi mumkin. 

Musiqiy asarlarni miyamizga kelgan mehmonlar deb faraz qilsak, miyadagi qaysi qism ularga mezbonlikni oʻz zimmasiga oladi?

Miyaning eshitish qobigʻi bu organning biz eshitish tizimi orqali oladigan barcha maʼlumotlarni, yaʼni quloqlar koʻtaradigan tovushlarni qayta ishlashga masʼul qismidir, deya maʼlumot bermoqda uz.warbletoncouncil.org. Shu bilan birgalikda manba eshitish nervi funksiyalarining ahamiyatini ham alohida taʼkidlaydi va asab tizimi eshitish uchun juda muhim ekanini qayd etadi.

Chindan ham dono xalqimiz “Har xastalikning boshi asab”, deb adashmagan. Buni ilmiy dalillar ham takror-takror isbotlagan. Shifokorlar quloq ogʻrishi, quloq yaxshi eshitmay qolishi kabi shikoyatlar bilan borgan bemorlarga bir qancha tashqi omillar bilan bogʻliq savollar berib, “yoʻq” javobini olgach “Qattiq asabiylashganmidingiz?” deb soʻrashi ham bejizga emas. 

Yoki juda qattiq stressda boʻlgan odam ancha-muncha baland shovqinlarni ham eshitmay qolishi ham mumkin. Bunga sabab ham miyaning “mezbon”i tushkunlik vaziyatida tovushlarni aniq qabul qila olmayotgani va ularni sintez qila olmay qolgani bilan bogʻliq. 

Olimlar Blad va Zatorre musiqadan etimiz jimirlab ketishi mobaynida miyada qanday jarayonlar roʻy berishini oʻrganishdi. Olimlar bir kompozitsiyadan sinovdagilarning hayajonlanishi uchun foydalanishdi, nazorat uchun qolganlarda neytral stimuldan foydalanildi. Sinaluvchilar tadqiqotchilarga musiqa tinglagandan keyingi holatlari haqida ma’lumot berib turdi. Soʻngra tadqiqotchilar miyaning musiqaga boʻlgan turli reaksiyalaridagi faollik belgilarini solishtirib ko‘rdi.

Ma’lum boʻlishicha, musiqa yuzaga keltirgan hayajon miyaning mindalina, insular boʻlak va talamus kabi lazzatlanish hamda boshqa ragʻbat tizimlari bilan bogʻliq harakatlar (masalan, ozuqaviy yoki jinsiy) ta’siriga javob beruvchi hududlariga bogʻliq ekan. Bu xuddi “giyohvand modda, rok-n-roll” tartibida ishlovchi oʻziga xos tuzilmaga oʻxshaydi.


Nega hamma musiqa tinglashni yoqtiradi?

cognitiontoday.com saytida eʼlon qilingan “Musiqaning ahamiyati: qachon va qanday maqsadda musiqa tinglaymiz?” nomli maqolada musiqa tinglashga umumiy sabablar safida quyidagilar sanaladi:

— zavqlanish;
— shaxsiy kechinmalar;
— shunchaki zerikmaslik, vaqt oʻtkazish;
— ijtimoiy/shaxslararo aloqa.

Zavqning ham ikki xil koʻrinishi bor. Psixologlarning taʼkidlashicha, ogʻriqdan, darddan, oʻzidagi qiynoqlardan zavqlanuvchi insonlar ham yoʻq emas. Shunday odamlar musiqadan zavqlanish masalasidagi bizning elementar tushunchalarimizni parchalab tashlaydi. Ammo qanday koʻrinishda boʻlmasin, yakunda zavq bu — zavq.

Shaxsiy kechinmalar tushunchasi ham ancha keng. Kimdir buning oddiy koʻrinishlarida tushkunlikka tushgan paytdagi holatlarni tushunsa, boshqa bir insonning shaxsiy kechinmalari biror tilni mukammal oʻrganish orqali hammani lol qoldirishdan iborat boʻlishi va kecha-yu kunduz mana shu xayollar bilan yurishi ham mumkin. Bunga musiqaning nima aloqasi bor demoqchimisiz? Tabiiyki, yangi til oʻrganishda boʻsh vaqtlarni ham shu bilan bogʻliq mashgʻulotlarga toʻldirish talab etiladi, ana shu mashqlar boshida esa oʻsha tildagi qoʻshiqni tinglash turishi tabiiy holat. 

Avtobus bekatda, doʻstimizni kutish paytida zerikmaslik, vaqt oʻtishini jimgina kutmasdan musiqa tinglash holati koʻpchilikka tanish. Uchinchi sabab aynan shuni izohlaydi. Ammo vaqtini “oʻldirish”ni ixtiyor qilganlar boʻsh boʻlmagan vaqtlardan ham boʻsh vaqt yasab, shunchaki musiqa tinglashga daqiqalarini qurbon qilishadi va bu alohida mavzu.

Ijtimoiy va shaxslararo aloqani taʼminlashda ham musiqaning oʻrni katta. Masalan, maʼlum ijtimoiy guruh bilan til topishishda ular yoqtirib tinglaydigan qoʻshiqni bilish, ular sevgan bastakor ijodiga befarqlik boʻlmaslik ancha qoʻl keladi. Va bu masalaning yana bir ijtimoiy ahamiyati boshqalarga manzur boʻlgan qoʻshiqlarni kamsitmaslikda ham namoyon boʻladi.

Sabablar turlicha, ammo musiqa tinglashni nega hamma birdek yoqtiradi? Bu millat, makon, zamon tanlamaydi, nima uchun? Masalan, Shopen, Betxoven, Motsart singari buyuk bastakorlar ijodini barcha millat va elat vakillari sevib tinglaydi. Buning sababi nimada? Shu savolga javob topishga uringan amerikalik shoir Henri Uodsvort Longfello bo‘lib, u 1835-yilda Yevropaga qilgan safari chogʻida shunday savolga javob beradi: “Musiqa — insoniyatning umumbashariy tilidir”. Yaʼni qoʻshiq emas, musiqa, kuy, ohangning oʻzi maʼlum tilda jarang sochmaydi. Badiiy adabiyot namunalaridek tarjimaga ham muhtoj emas. Mana shu omil musiqaning umumbashariy ahamiyat kasb etishini taʼminlagan.


Musiqiy idrok buzilishi va amusiya

Yuqorida miyaning maʼlum qismi musiqa tinglashga javobgar ekanini taʼkidladik. Miyaning mana shu qismiga yetkazilgan jarohat musiqiy idrok buzilishiga olib kelishi mumkin. Deylik, eshitish qobigʻi zararlandi. Bu bilan quloqlar musiqani tinglashi mumkin, ammo jarayon shu yerda tugamaydi, miyaga tovushlar yetib borishi va uning qayta ishlanishiga javobgar qism faoliyatida uzilishlar boʻlgani uchun bunday insonlarda musiqiy idrok buziladi. Ular nima eshitayotganini bilmaydi, his etmaydi. Bemor holatining ogʻir qiyinligiga qarab, jarayon turlicha kechishi mumkin. Masalan, kimdir ohang qanday musiqa asbobidan taralayotganini ajrata olmasa, boshqa kimsa uning turining, yana kimdir ritmning farqiga bormaydi.

Amusiya soʻzining tibbiy izohi quyidagicha

Amusiya — musiqiy ohanglarni taniy olmaslik yoki ularni takrorlay olmaslik. U tugʻma boʻlishi yoki hayot davomida (miya shikastlanishi natijasida) paydo boʻlishi mumkin.

Amusia a- + -musia soʻzidan tuzilgan boʻlib, soʻzma-soʻz tarjimada musiqaning yoʻqligi maʼnosini bildiradi. Bundan tashqari, odatda “ohangdagi karlik” deb ham ataladi.

Mantiqan oʻylab koʻrilsa, amusiklar uchun musiqa shovqindan boshqa narsa emas va bu ularni qiziqtirmaydi. Biroq buni inkor qiluvchi tadqiqotlar ham topildi. Izlanuvchilar tugʻma amusik boʻlgan kishilardan qanday va qay maqsadlarda musiqadan foydalanishlari haqida soʻrashgan. Javob beruvchilarning uchdan bir qismiga yaqini musiqani oddiy odamlar bilan bir xil miqdor va ruhiy sabablarga koʻra tinglashi ma’lum bo‘lgan. Demak, ilmda ziddiyatli fikrlar koʻp va har qanday unsur oʻzining ziddi bilan ahamiyatlidir. 


Muqova surat: freepik.com

Manbalar:
uz.wikipedia.org/wiki/Musiqa
uz.warbletoncouncil.org/corteza-auditiva-5618
uz.warbletoncouncil.org/areas-auditivas-encefalo-1206
postnauka.ru/faq/96974
cognitiontoday.com/the-importance-of-music-when-and-why-we-listen-to-music
lenta.ru/articles/2021/12/26/music

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!