Stressning pasayishi oqargan sochga rang qaytardi
Oʻrta
5 min
26.04.2023
Biologiya va tibbiyot

Buni qarangki, oqargan sochni o‘z holiga qaytarish mumkin ekan. BioRxiv saytida chop etilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, oqargan sochga rang qaytadi va bunga bor-yo‘g‘i bir necha oy sarflanadi. Tadqiqotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur jarayon stress darajasi bilan chambarchas bog‘liq: kuchli emotsional zo‘riqish sochdan rang ketishiga sabab bo‘ladi, ular nihoyasiga yetgach esa bu jarayon aksincha ishlay boshlaydi. Bu esa uzoq vaqtga oqargan toladan hamda uni doimiy ravishda bo‘yab yurish tashvishidan qutilish imkonini beradigan terapiya ishlab chiqish mumkinligiga umid borligini bildiradi.

“Mening xotinim boʻl” filmi / Goldwyn Pictures, 1921-yil

Yangilandi: 2021-yilning iyun oyida maqola eLife’da chop etildi.

Soch oqarishi — qarishning eng yorqin belgilaridan biri. Ko‘pchilikda oq soch 30–40 yoshda paydo bo‘la boshlaydi, so‘ngra tezlik bilan ko‘payib boraveradi. Shunday bo‘lsada, bu jarayonning aniq sabablari noma’lumligicha qolmoqda. Masalan, qo‘rquvdan tuk oqarib ketishi mumkin degan keng tarqalgan tushunchalarga qaramay, soch oqarishi va stress o‘rtasidagi bog‘liqlik faqat sichqonlarda isbotlangan, odamlarda emas.

Kolumbiya universitetidagi tadqiqotchilar Martin Pikar boshchiligida oqarishni yagona tola ustida o‘rganish imkonini beradigan usul ishlab chiqdi. Ularning yondashuvi dendroxronologiyada daraxtlarning yillik halqalari yordamida qadimgi iqlimni rekonstruksiya qilishda qo‘llanilishga o‘xshaydi. Endi soch tolasining o‘rtacha o‘sish tezligini (oyiga taxminan bir santimetr) bilgan holda, olimlar uning alohida sohalarini hayotning muayyan qismlari va unda yuz bergan voqealar bilan solishtirishi mumkin.

Turli kelib chiqishga ega, 14 ta sog‘lom ko‘ngillidan olingan 397 ta alohida soch tolasi uch xil pigmentatsiyani aniqlash imkonini berdi: to‘q, o‘tuvchi va oq. Sochning to‘q rangli qismlarida katta miqdorda pigment tashuvchi melanozlar topilgan bo‘lsa, oq qismlarida bu tuzilma deyarli yo‘q edi.

Proteom tahlil natijalariga ko‘ra, oqarayotgan sochda mitoxondriyaning ishlashi, oksidlovchi stressga qarshilik va oqsillar sintezi bilan bog‘liq genlarning ekspressiyasi sezilarli dajarada ortadi. Shu bilan birga, ularda melanozlarning hosil bo‘lishi va ularni melanotsitlardan keratinotsitlarga tashish jarayonida ishtirok etuvchi oqsillarning ishlab chiqarilishi kamaygan. Qiziq tomoni shundaki, sochning oq qismlarida qora qismlarida sintezlanmaydigan 13 ta oqsil aniqlandi.

Shu paytgacha soch oqarishi ortga qaytmaydigan jarayon deb hisoblanar edi. Oq sochning avvalgi holiga qaytgani bor-yo‘g‘i ikki bora qayd etilgandi. Ammo chuqur tahlil bunday hodisalar keng tarqalgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Tadqiqotchilar turli kelib chiqishga ega, ikkala jins vakillarida ham to‘qqiz yoshdan o‘ttiz yoshgacha qaytarsa bo‘ladigan soch oqarishini aniqladi. Aksar hollarda repigmentatsiya bosh terisidagi tolalarda kuzatilgan, lekin tanadagi tuklarga ham rang qaytarishga muvaffaq bo‘lingan. Oqargan sochga tabiiy rangni qaytarish jarayoni oqarishchalik tez kechadi, bu jarayonning median tezligi uch oy bo‘lib chiqdi. Bundan tashqari, tez kechgan repigmentatsiyadan so‘ng tuklar yana oqargan holatlar ham kuzatildi. Bu bir necha hafta yoki oy davomida, ya’ni bir o‘sish sikli davomida yuz bergan.

Yangi usul soch oqarishining stress bilan bog‘liqligini o‘rganish imkonini berdi. Shu paytgacha stress organizmning umumiy qarish tezligini oshiradi, natijada soch ham oqara boshlaydi deb hisoblanardi. Ammo Kolumbiya universitetidagi jamoa hayot sharoiti soch follikulalari va pigmentatsiyaga bevosita ta’sir qilishini isbotlashga erishdi.

Tadqiqotchilar kelib chiqishi Yevropadan bo‘lgan 35 yoshli erkakning sochidan olingan, repigmentatsiya izlari bo‘lgan beshta tolani tahlil qildi. Sochning muayyan qismlaridagi ranglar hayotning muvofiq davrlaridagi stress darajasiga taqqoslandi. Ma’lum bo‘lishicha, oqlik stress pasayishi bilan yo‘qolgan. Kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan o‘ttiz yoshli ayolning ikki xil rangli soch sohalarining tahlili ham shunga o‘xshash natijani berdi. Sochning uzunligi ikki santimetrga teng bo‘lgan oq qismi oilaviy mojarolar, ajrashish va ko‘chish tufayli kuchli stress davriga mos tushdi. Hayot o‘z iziga tushgach, soch rangi ham butunlay tiklangan.

Chapda: (A) boshdagi, (B) qov sohasi (C) soqoldagi oqargan tolalarlarning tiklanish namunalari. O‘ngda: oqargan sochning rangi qaytishi (D) va rang qaytgandan so‘ng qayta oqarish (E). Martin Pikard va boshqalar / bioRxiv, 2020-yil

Shunday qilib, sochning oqarish jarayoni oldin hisoblanganidan ancha moslashuvchanroq bo‘lib chiqdi. Kashfiyot oqargan sochning rangini qaytarish imkonini beradigan usullarni ishlab chiqishga yo‘l ochib beradi. Shuningdek, yangi olingan ma’lumotlar, qarishning asosida yotgan boshqa mexanizmlar ham qisman qaytarilishi mumkinligiga umid beradi.

Yaqinda bir tadqiqotchilar guruhi insonning epigenetik qarishini ortga qaytarishga erishdi. Buning uchun katta sog‘lom bemorlarga gormonal va antidiabetik vositalardan iborat kokteyl berildi, u esa o‘z navbatida timusning ishini kuchaytirib yubordi. Namuna juda kichik, eksperiment esa qisqa bo‘lganiga qaramay, bu tadqiqot qarish biologiyasi nuqtayi nazaridan kuchli qiziqish uyg‘ota oladi.


Muallif: Sergey Kolenov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Снижение уровня стресса вернуло цвет седым волосам” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!