1-qism. Tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi 100 ta savol
Tanqidiy fikrlashni o'stirish, uni rivojlantiruvchi omillar, tanqidiy fikrlash, etika, estetika va salomatlik haqida savollar bilan tanishib oling.
Oʻrta
7 min
23.09.2022
Ta’lim

Tanqidiy fikrlashni rivojlantirishi mumkin boʻlgan savollar haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Bu kabi savollar biz odatlanib qolgan taxmin qilish va fikrlash doirasidan chekingan holda yangicha fikrlashga undaydi. Ular bizni kashfiyot, izlanish va katta orzularga yetaklaydi. Ular “Nima uchun?”, “Qanday qilib?” va “Agar… boʻlsa, unda…” kabi savollardan tashkil topgan. Tanqidiy fikrlashni rivojlantirish yoʻlida bir necha sabablarga koʻra ushbu savollardan foydalanamiz: ular dunyoqarashni kengaytirish va borliqqa boshqa nuqtadan qarashimizga koʻmak beradi. Shuningdek, bu turdagi savollar bizni tasavvurimizni kengaytirish va ich-ichimizdagi savollarga javob qidirishga undaydi.

Quyidagi tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi 100 ta savol muayyan taʻlim yoʻnalishlari boʻyicha tasniflangan. Ulardan oʻquvchilaringiz, farzandlaringiz yoki oʻz tanqidiy fikrlash koʻnikmalaringizni shakllantirish va rivojlantirish uchun foydalanishingiz mumkin. Maqola ikki qismga boʻlingan, ikkinchi qismiga havola maqola oxirida berilgan.


Matematikaga oid tanqidiy fikrlash savollari

midjourney.com

Matematika tabiiy ravishda tanqidiy fikrlashni oʻz ichiga olgan fan sifatida tanilgan. Quyida bu qiziqarli fan boʻyicha 10 ta ajoyib savol keltirilgan:

  1. Dunyoni yanada yaxshilash uchun matematikadan qanday foydalanishimiz mumkin?
  2. Matematika jamiyatimizga qanday foyda keltirdi?
  3. Qachon va qanday qilib matematika butun dunyo tarixida muhim rol oʻynagan?
  4. Matematikadan muloqot vositasi sifatida foydalanish mumkinmi? Qanday qilib?
  5. Hayotdagi qanday vaziyatlarda matematik formulalar muhim ahamiyatga ega?
  6. Qachon “toʻgʻri” degan javob eng yaxshi yechim boʻla olmaydi?
  7. Qanday qilib hayotdagi muammolarni hal qilishda raqam va diagrammalardan foydalanish mumkin?
  8. Matematikadan vaziyat va hodisalarni baholash yoki taqqoslashda qanday foydalaniladi?
  9. Biror hodisa sodir boʻlish ehtimoli qanday aniqlanadi va xabar qilinadi?
  10. Muayyan matematik muammoni yechishda eng yaxshi strategiyani qanday aniqlash mumkin?


Ingliz tili yuzasidan tanqidiy fikrlash savollari

midjourney.com

Quyida ingliz tilining odamlar oʻrtasidagi aloqa toʻsiqlarini bartaraf etayotgani va ahamiyati toʻgʻrisida ba’zi savollar berilgan:

  1. Sizningcha, nega insonlar va millatlar oʻz tajribalari va koʻrgan-kechirganlari haqida hikoya qilishni yaxshi koʻradi?
  2. Asarlarni qanday xususiyatlariga koʻra “yaxshi” va “yomon”ga ajratasiz?
  3. Qanday qilib oʻz soʻzlashuv uslubingizni yaratasiz? Uni boshqa biror kishiga qanday qilib oʻrgatgan boʻlardingiz?
  4. Siz __________ (biror soʻz yoki tushuncha)ni ilgari eshitmagan odamga qanday ta’riflab berasiz?
  5. Yagona global tilga ega boʻlish bir nechta tilda soʻzlashishdan koʻra afzalmi? Nega?
  6. Boshqalarning oʻrganishi va tushunishini osonlashtirish uchun oʻz ona tilingizni qanday rivojlantirgan boʻlardingiz?
  7. Agar vafot etgan yoki hozirda hayot boʻlgan biror yozuvchidan maslahat olish imkoniyatingiz boʻlsa, u kim bo’lar edi? Undan nimani soʻragan boʻlardingiz?
  8. Biz uchun muhim boʻlmagan biror aloqa shakli bor deb hisoblaysizmi? U qaysi? Nega u nisbatan keraksizroq deb oʻylaysiz?


San’at borasida tanqidiy fikrlash savollari

midjourney.com

Quyida sanʼatning tabiati, uning jamiyat uchun ahamiyati hamda undan qanday foydalanishni aniqlash uchun savollar berilgan:

  1. “Sanʼat” oʻzi nima? Nima uchun millatlar san’at rivojiga alohida e’tibor qaratadi?
  2. Rassom tomoshabin va xaridor oldida qanday majburiyatlarga ega?
  3. Tomoshabin va xaridorlarning sanʼatkor oldida biror majburiyati bormi? Agar shunday boʻlsa, u(lar) nima(lardan iborat) ?
  4. Sanʼatga oid boʻlgan va boʻlmagan narsalarni farqlab turuvchi xususiyat nima?
  5. Ijodkorlikni oʻlchash mumkinmi? Bu sohada biror oʻlchov birligi kerakmi?
  6. Sanʼatni taʼriflovchi sevimli izohingiz bormi? Agar bor boʻlsa, nega bu ta’rifni yaxshi koʻrasiz?
  7. Nega millatlarga sanʼat va ijodkorlik kerak? Chindan ham bunga ehtiyoj bormi?
  8. Bugungi dunyoni hech qanday san’at turisiz qanday tasavvur etgan boʻlardingiz?
  9. Hozirgi raqamli zamonda marketing ham sanʼat hisoblanadimi? Nega?
  10. Sanʼatning jamiyatga salbiy ta’siri boʻlishi mumkinmi? Agar shunday boʻlsa, qanday qilib?
  11. Sanʼatga qoʻshgan hissangiz dunyoni yanada yaxshiroq qilishiga ishonasizmi? Agar shunday boʻlsa, qanday qilib?
  12. Sizningcha, sanʼatning yakuniy nuqtasi nima? Nega bunday fikrdasiz?
  13. Agar sanʼat orqali dunyoga muhim xabarni yetkazishingiz kerak boʻlsa, sizning xabaringiz nima boʻlishi mumkin edi? Buning uchun qaysi vositani tanlaysiz? Nima uchun?


Ijtimoiy tadqiqotlar yuzasidan tanqidiy fikrlash savollari

midjourney.com

Quyidagi ijtimoiy tadqiqot mavzusidagi savollar oʻquvchida hokimiyat, yetakchilik va yashash sharoitini oʻzgartirishi mumkin boʻlgan narsalar haqida fikr yuritishga undaydi:

  1. Agar bir nechta hukumat tuzilmasi solishtirilsa, sizningcha, qaysi biri koʻproq samarali? Nima uchun?
  2. Hukumat tuzilmalarining tutgan oʻrni va ahamiyati qanday boʻlishi kerak?
  3. Oʻz qadriyat va ehtiyojlaringizni inobatga olgan holda, sizning fikringizcha, oʻrta asrlarning qaysi kasblari yaxshi yashash sharoitlarini yaratishi mumkin?
  4. Agar siz davlat rahbari boʻlganingizda, millatingizning hozirgi holatini yanada yaxshilash uchun qanday ishlarni amalga oshirgan boʻlardingiz?
  5. Sizningcha, biz yashab turgan dunyomizdagi eng katta muammo nima? Nega bunday deb oʻylaysiz?
  6. Insoniyatning asosiy va umumiy maqsadi nima boʻlishi kerak? Nega?
  7. Sizningcha, qaysi narsa biz va jamiyatga eng katta zarar keltiradi? Undan qanday qilib qutilish mumkin?
  8. Agar siz prezidentlikka da’vogar boʻlsangiz, sizning asosiy uchta ustuvorligingiz nima boʻlishi mumkin edi? Nima uchun?
  9. Nega jamiyatimizda urushga koʻpincha nizolarni hal qilishning yagona yechimi sifatida qaraladi?
  10. Jamiyatdagi huquq va imtiyozlaringizni bir-biridan qanday farqlaysiz? Sizningcha, bu boshqalar uchun ham adolatlimi?
  11. Agar sanoat inqilobi oʻz vaqtidan 200 yil avval sodir boʻlganida, hozirgi dunyomiz qanday koʻrinishda boʻlishi mumkin edi?
  12. Inson tabiati qachondir oʻzgarishi mumkinmi? Agar shunday boʻlsa, uni qanday oʻzgartirsa boʻladi va qanday sababga koʻra?
  13. Agar hozirgidek bizni boshqaruvchi qonunlar boʻlmaganida bizning jamiyatimiz qanday boʻlardi? Oxir-oqibat bu qanday natijalarga olib kelgan boʻlardi? Nega shunday boʻladi deb oʻylaysiz?
  14. Nima deb oʻylaysiz, texnologiya rivoji ta’lim sohasiga ijobiy ta’sir etdimi yoki salbiy? Agar qoʻlingizdan kelganida bu boradagi qaysi jihatni oʻzgartirgan boʻlardingiz? Qanday qilib?
  15. Agar odamlar yashashi uchun faqatgina uchta qonun yaratishingiz kerak boʻlsa, bu qanday qonunlar boʻlardi? Nima uchun aynan ular?
  16. Sizningcha, hozirgi siyosiy rahbarlar majburiy ravishda aqliy salohiyat, ruhiy holat, mantiqiy fikrlash va qobiliyatni aniqlab beruvchi sinovlardan oʻtishi kerakmi? Nega?
  17. Nima deb oʻylaysiz, dunyo “moddiy boylik” tushunchasidan boshqa koʻrinishda ham ifodalanishi mumkinmidi? Bu hozirgi holatdan qanday farq qilardi?

Maqolani yakunlaganingizdan xursandmiz, taxminan 5% inson matnni shu yerigacha o‘qib tugatadi. Maqolaning 2-qismi: sinaps.uz/maqola/4059


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi 100 ta savol (1-qism).
Muqova surat: midjourney.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!