Zebra aslida oq chiziqli qora hayvonmi yoki qora chiziqli oq?
Zebra aslida oq chiziqli qora hayvonmi yoki qora chiziqli oq?
Oʻrta
7 min
10.10.2022
Matematika

Zebra oʻziga xos qora va oq rangli koʻrinishi bilan dunyodagi eng mashhur hayvonlardan biri hisoblanadi. Ular Afrikada, ayniqsa janubiy va sharqiy mintaqalarda koʻp uchraydi. Hozirgi vaqtda zebralarning 3 xil turi mavjud. Har uchala tur ham jismoniy jihatdan bir xil boʻlsa-da, koʻzga koʻrinadigan ayrim farqlarga ega, yaʼni, taxmin qilganimgizdek, ularning farqi chiziqlarida. 1-tur — sahro zebrasi (Equus quagga), 2-tur — togʻ zebrasi (E. zebra) va 3-tur esa Grevi zebrasi (E. grevyi) boʻlib, ushbu turlarning har biri turlicha chiziqli naqshlarga ega. Baʼzilarida terining quyuqroq qismlari qora, boshqalarida esa jigarrang tusga ega, ayrimlarida esa chiziqlar faqat tanalarida mavjud, oyoqlarida esa yoʻq.


Xoʻsh, zebraning asl rangi qanday?

Zebraning rangi aslida qanday ekani koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy hol. Bu savolga javob beradigan boʻlsak, ular tanasida oq chiziqlari mavjud boʻlgan qora rangli yovvoyi hayvonlardir. Ammo bir qarashda buning teskarisi boʻlib tuyulishi mumkin — axir koʻplab zebralarning tanasidagi qora chiziqlar qorin boʻshligʻida va oyoqlarining ichki tomoniga yoʻnalgan holda tugaydi, qolganlari esa oq rangda namoyon boʻladi. Ammo bu koʻrinish aldamchi. Zebraning qora va oq rangdagi barcha junlari melanotsit (yetilgan melanin¹ hosil qiluvchi hujayra, ayniqsa terida) hujayralarini oʻz ichiga olgan follikulalardan² oʻsib chiqadi. Bu hujayralar barcha hayvonlarda mavjud boʻlib, ular birinchi navbatda teri va sochlarga rang beruvchi pigmentni hosil qilish uchun masʼul hisoblanadi. Ikkala holatda ham melanotsit hujayralari tashqi tomondan koʻrinadigan melanin — pigment³ ishlab chiqaradi. Zebralar organizmidagi kimyoviy xabarchilar — gormonlar qaysi melanotsitlar pigmentni moʻynaning qaysi qismiga yetkazib berishi kerakligini aniqlaydi va shu bilan zebraning qora va oq naqshi yuzaga keladi. Zebralar rangidagi muhim narsa shundaki, ularning oq moʻynasi melanin yoʻqligini anglatadi; oq rang oʻziga xos pigment emas. Modomiki oq chiziqlar pigment qabul qilinmagani tufayli mavjud ekan, u holda zebraning “standart rangi” qora boʻladi.


Zebra chiziqlari vazifasini aniqlash uchun oʻtkazilgan tadqiqotlar

Savolga javob topildi! Biroq tadqiqotchilar umuman olganda nega zebralarda chiziqlar borligini, yaʼni ular qanday vazifa bajarishini haligacha aniqlay olmaydi. Zebralarni oʻrganish tarixida tadqiqotchilar zebralarning nima uchun chiziqlari borligi haqida kamida 18 xil nazariyalarni oʻrganib chiqdi, tushuntirishlar kamuflyajdan (oʻzini boshqa tusga kiritish orqali yashirinish) tortib yirtqichlardan himoyalanishgacha, zebra chiziqlari ham inson barmoq izi kabi oʻziga xoslik belgisi kabi qarashlarga qadar xilma xil edi. “Odamlar zebra chiziqlari haqida yuz yildan ortiq vaqtdan beri gapiradi, lekin buni yaxshiroq tushunish uchun haqiqatan ham tajribalar oʻtkazish va bu masala haqida aniq oʻylash kerak”, — dedi ekolog Tim Karo 2019-yilda BBC Futureʼga bergan intervyusida.

Zebra aslida oq chiziqli qora hayvonmi yoki qora chiziqli oq?
Otga oq-qora chiziqli palto kiydirish jarayoni / popularmechanics.com

Karo nutqi davomida Buyuk Britaniyadagi Hill Livery otxonasida zebralar boʻyicha tadqiqot oʻtkazgan bir jamoa haqida aytib oʻtdi. Karoning soʻzlariga koʻra, oʻsha jamoa zebralar tanasidagi chiziqlarning maqsad hamda vazifasini aniqlash uchun otlarga oq va qora chiziqli kiyim kiydiradi, keyin esa ularni oddiy ot va zebralar podasiga qoʻshib yuboradi. Gʻoya pashshalarning har bir moʻyna turiga qanday munosabatda boʻlishini sinab koʻrish edi va tadqiqotchilar bu farqni keltirib chiqargan moʻyna ekaniga ishonch hosil qilish uchun ham otlar, ham zebralardan foydalangan. Masofadan qaraganda, har biri qanday tusda boʻlishidan qatʼi nazar, otlar ham, zebralar ham pashshalarni birdek oʻziga jalb qilgandek tuyulardi. Ammo chivinlar chiziqli paltoga (haqiqiy zebra yoki soxta zebra) yaqinlashganda, ular sarosimaga tushib, ularga urilib ketdi yoki shunchaki tasodifiy yoʻnalishda uchib ketdi. Yakuniy natija esa, koʻrib turganingizdek, zebra yoki palto kiygan ot uchun pashsha chaqish ehtimoli juda ham past ekanini isbotlagan.

Soʻnggi tadqiqotlar zebralarning chiziqlarini aniqlash boyicha mumkin boʻlgan bir nechta nazariyani sinab koʻrishga qaratilgan boʻlib, ularning eng mashhuri chivinlar chaqishidan himoyalanish va termoregulyatsiyani⁴ saqlashdan iboratdir. 2014-yilda Karo va uning jamoasi tomonidan olib borilgan tadqiqotda ular zebralarning yoʻl-yoʻl chiziqlari koʻproq chivinlarni chaqadigan joylarda ekanini aniqladi, bu shuni anglatadiki, chaqmoqchi boʻlgan chivinlar qoʻnish uchun xavfsiz joy sifatida chiziqli yoki qora va oq yuzani ajratishga harakat qiladi. Hill Liveryʼda ham chivinlar zebralar va yoʻl-yoʻl paltoli otlarga oddiy otlarga qaraganda kamroq chivin qoʻndi.

Zebra aslida oq chiziqli qora hayvonmi yoki qora chiziqli oq?
pexels.com

Garchi bu chiziq masalasi boʻyicha eng koʻp sinovdan oʻtgan nazariyalardan biri boʻlsa-da, hamma olimlar ham bunga ishonmaydi. Hayvonlar laboratoriyasining nafaqadagi texnigi Alison Kobb BBC Futureʼga aytishicha, u chivin chaqishidan himoyalanish yoʻl-yoʻl chiziqlar kabi evolyutsion xususiyatni keltirib chiqaradigan darajada muhim emas deb hisoblaydi. U termoregulyatsiya nazariyasini qoʻllab-quvvatlaydi, bu nazariyaga koʻra, qora chiziqlar ertalabki sovuqda zebralarni isitish uchun issiqlikni yutadi va oq chiziqlar tushdan keyin issiq havoda zebralarni sovitish uchun yorugʻlikni qaytaradi. Kobbning soʻzlariga koʻra: “Har bir zebra qizib ketishdan saqlanishi kerak va chaqadigan pashshalar esa yilning maʼlum joylarida va maʼlum vaqtlarida keladi, lekin ular hech qachon haddan tashqari issiq harorat kabi aniq yoki tez-tez xavf tugʻdirmaydi”. Qaysi nazariya toʻgʻri ekanini aniqlash uchun koʻproq tadqiqotlar talab etiladi. Shunga qaramay, biz hozirda zebralarning nima uchun chiziqlari borligini aniq bilmasak-da, hech boʻlmaganda ular qaysi rangda ekanini bilamiz.


Zebra chiziqlari haqida qiziqarli maʼlumotlar

Har bir zebraning turli xil chiziqli naqshlari bor! Zebralar biz bilgan otlarning shunchaki chiziqli qarindoshi emas. Bu ajoyib hayvonlar nimasi bilan oʻzgacha ekanini bilish uchun oʻqishni davom ettiring.

  1. Zebraning chiziqlari inson barmoq izlariga oʻxshaydi. Har bir zebra oʻziga xos chiziqli naqshga ega. Zebralar bizga uzoqdan bir xil koʻrinishi mumkin boʻlsa-da, aslida har bir zebraning chiziqlarida farqlar mavjud. Har bir zebraning oʻziga xos chiziqlarining sababi hali ham olimlar uchun sir boʻlib qolmoqda, ammo eng keng tarqalgan nazariya shundaki, chiziqlar zebralarga bir-birini tanib olish imkonini beradi. 
  2. Zebralarning chiziqlari kamuflyaj uchun ishlatiladi. Boshqa turdagi koʻplab naqshli hayvonlar singari zebralarning chiziqlari sherlar kabi yirtqichlardan oʻzini yashirishga yordam beradi. Zebralar poda tarkibida boʻlganida ularning chiziqlari individual shakllarni yashirishga yordam beradi, bu esa yirtqichlarning ularni aniqlashini qiyinlashtiradi.
  3. Oq rangdagi chiziqlar qoralariga qaraganda 18 daraja salqinroq boʻlishi mumkin.

[1] Melanin — odamlar va hayvonlarning sochlari, terisi va ko’z irisida paydo bo’ladigan toʻq jigarrangdan qora ranggacha boʻlgan pigment.
[2] Soch follikulasi — tuk yoki soch ildizi va tolasini oʻrab turgan naychaga oʻxshash tuzilma (gʻovak). Follikulalar terining yuqori ikki qatlamida mavjud.
[3] Pigment (lotinchadan “pigmentum” — boʻyoq) — organizmlar toʻqimalari tarkibidagi boʻyoq birikma.
[4] Termoregulyatsiya — tashqi sharoitlarning oʻzgarishiga qaramay barqaror ichki tana haroratini saqlab turadigan gomeostatik jarayon.


Manbalar: animalspot.net, britannica.com, popularmechanics.com
Muqova surat: pexels.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!