20.02.2024
Agar siz taʼlim tizimini oʻzgartirishga harakat qilayotgan boʻlsangiz, siz yolgʻiz emassiz. Dunyo boʻylab koʻplab oʻqituvchilar taʼlim tizimidagi innovatsiyalar yordamida zamonaviy oʻquvchilari bilan aloqada boʻlishning yangi va qiziqarli usullarini kashf qilmoqda.
Ushbu maqolada sohangizni tubdan oʻzgartira oladigan va siz koʻzdan qochirgan boʻlishingiz mumkin boʻlgan haqiqatlarni koʻrib chiqamiz. Quyida oʻquv jarayonini oʻzgartira oladigan, amaliyotdan nazariyotgacha boʻlgan 7 ta muhim haqiqat keltirilgan.
1. “Oʻquvchilaringizga qanchalik gʻamxoʻrligingizni koʻrishmaguncha, sizning bilim darajangizga eʼtibor berishmaydi.” Yuqoridagi Teodor Ruzveltga tegishli boʻlgan iqtibosni taʼlim boʻyicha mutaxassis Dilan Vilyam Tes vebsayti uchun yozgan maqolasida yoritib bergan. Vilyamning taʼkidlashicha, uning mazmuni oʻquvchilarga faqatgina bilim berish kerak boʻlgan oʻrganuvchilar kabi emas, balki, qadrlash va parvarishlash kerak boʻlgan yosh avlod kabi munosabatda boʻlish kerakligini aytadi:
“Agar oʻqituvchilar sinfdagi oʻquvchilar ham bizniki kabi huquqlarga ega boʻlgan kichik insonlar ekanligi tushunib yetishsa, qator yaxshi natijalarga erishish mumkin boʻladi.”
Oʻquvchilar, eng avvalo, oʻqituvchilari ular haqida qaygʻurayotganini his qilishni istaydi. Shu sababdan ular taʼlim olayotgan muhitda oʻzlarini xavfsiz his qilishi va koʻmak olishi kerak. Agar oʻqituvchi oʻrganuvchilarining ushbu ehtiyojlarini qondira oladigan darajada ular bilan bogʻlana olmasa, uning shu paytgacha erishgan yutuqlari, sertifikat-u diplomlari hech qanday ahamiyatga ega boʻlmay qoladi.
2. Asosiysi kechagidan-da yaxshiroq inson boʻling va buni oʻquvchilarga oʻrnak qilib koʻrsating. Nega odatda oʻqituvchilardan mukammallikni kutishadi? Chunki ular maktab bolalarining kelajakda muvaffaqiyatli insonlardan biri boʻlishida muhim ahamiyatga ega va bu oʻqituvchilardan juda katta masʼuliyat talab qiladi. Ota-onalardan tortib jamiyatning boshqa aʼzolarigacha barchaning eʼtibori oʻqituvchilarga qaratilgan. Shunga qaramasdan taʼlimni rivojlantirish uchun mukammal inson boʻlishingiz shart emas. Shunchaki kechagidan-da yaxshiroq boʻlishga intilishingiz kerak.
Bu oʻqituvchilarga taalluqli boʻlganidek, oʻrganuvchilarga ham taalluqli. Chunki, biz umrimiz davomida toʻxtovsiz izlanish va shaxsiy rivojlanishda boʻlishga intilamiz. Shunday ekan, oʻquvchilar oʻz istaklari boʻyicha rivojlanishi uchun yaratgan tahlil qilish va fikrlashga yordam beruvchi qoʻllanmamizga erkinlik mashqlarini ham qoʻshganmiz. Shu bilan birga, ehtiyotkorlik bilan baholashga ham alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.
Biz barcha magʻlubiyatlarimizni tahlil qilgan holda, ulardan toʻgʻri xulosa chiqarmoqdamiz va raqamli olamda barchamiz onlayn va oflayn tarzda bogʻlanganimizni oʻquvchilarimizga tushuntirmoqdamiz. Kim nima deyishidan qatʼiy nazar, hech birimiz mukammal boʻla olmaymiz. Bizning qoʻlimizdan keladigani har bir yangi kun boshlanishi bilan oʻzimizdan: “Qanday qilib kechagidan koʻra yaxshiroq boʻla olaman?” deb soʻrashdir.
3. Maslahat berishda eng muhimi uning foydali boʻlishidir. Oʻqituvchi sifatida siz aytgan soʻzlar va bu bilan ifodalamoqchi boʻlgan maqsadingiz oʻquvchining hayotini oʻzgartirib yuboradigan darajada katta kuchga ega. Toʻgʻri bajarilgan ish va uni rivojlantirishga nisbatan berilgan eʼtiborsiz maslahatlar va faqatgina nima notoʻgʻri ekaniga qaratilgan e’tibor nafaqat yuzaki, balki notoʻgʻri harakat hisoblanadi. Taʼlim tizimini oʻzgartira oladigan foydali maslahatlarning (useful feedback) 5 ta noyob xususiyati quyidagilardir:
— Kerakli vaqtda. Samarasi koʻproq boʻlishi uchun oʻrganish mobaynida tez-tez va batafsil fikrimizni bildirishimiz kerak.
— Oʻrinli va taʼsirga ega. U oʻquvchining qobiliyati, yetukligi va yoshiga mos boʻlishi kerak. Bundan tashqari, ular berilgan maslahat mohiyatini toʻliq tushunishi kerak.
— Xolis va qoʻllab-quvvatlovchi. Maqsadimiz doimo xolis va qoʻllab-quvvatlovchi maslahatlar berishdir. Bunday maslahatlar oʻquvchini yanada koʻproq bilim olishga undaydi.
— Taʼlimga qaratilgan. Har qanday maslahat doimo ish maqsadiga bogʻliq boʻlishi kerak. Ijodiy erkinlik berish bilan birgalikda oʻquvchi va oʻqituvchi birga erishmoqchi boʻlgan aniq taʼlim maqsadlarni belgilab olish kerak.
— Chuqur bilim olishga yordam beradi. Oʻquvchilar biz bergan maslahatlarning qay biri ularga foydali boʻlishini ajrata olishi kerak. Bundan tashqari, oʻquvchilar tengdoshlaridan kerakli maslahatlar olishi mumkin.
Ularning imkoniyatlarini ijobiy baholovchi maslahatlar oʻquvchilarni yanada koʻproq harakat qilishga undaydi. Shuningdek, bu ularning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirib, yanada yuqoriroq natijalarga erishishiga sababchi boʻladi. Bunday maslahatlardan oʻquvchi qayerda boʻlsa ham oʻzini erkin his qilishi va rivojlanishi uchun foydalanadi.
4. Hamkorlik aloqa, muloqot va yakdillik jamlanmasidir. Ishchi kuchi boʻlib shakllanayotgan zamonaviy oʻquvchilarning real va virtual hamkasblar bilan biror masala yuzasidan jamoa boʻlib ishlay olish koʻnikmasi bugungi kunda talab etiladigan eng muhim jihatlardan biridir. Biroq bunda odamlarni tushunish va ular bilan dildan muloqot qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Agar bizning oʻquvchilarimiz boshqalar bilan faqat vazifalarni bajarish va maʼlum bir bosqichlardan oʻtish uchungina hamkorlik qilsa, unda nega doimo yolgʻiz ishlashni tanlab qoʻya qolmaydi?
Samarali hamkorlik oʻz ichida 3 ta tushuncha: aloqa, muloqot va yakdillikni birlashtiradi. Odamlarni bir-biridan farqlab turadigan madaniyati, jinsi va eʼtiqodidan tashqari, ularning har biri o’ziga xos qadriyat, fikr va axloqqa ega. Jamoadagi har bir aʼzoning loyihani rivojlantira oladigan va eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan oʻz nuqtayi nazari va fikri boʻladi. Oʻz fikrlarini ifoda eta olmaydigan aʼzolar jamoaning qolgan aʼzolarining koʻmagiga muhtoj boʻladi. Axir gʻoya qanchalik zoʻr boʻlmasin, hamma ham fikrlarini oson bayon qila olmaydi. Qisqa qilib aytganda, jamoaviy ishning asl mohiyati guruh aʼzolarida mavjud muammolarni toʻgʻri baholash va shu muammolarni hal qilish orqali jamoa natijalarini yanada yuksaltirishdir. Muvaffaqiyatli jamoaning aʼzolari nafaqat loyiha ustida ishlaydi, balki ish jarayonida oʻzlarini va hamkasblarini oʻrganadi. Bu bilan ham ishini, ham hayotini yaxshilaydi.
5. Qiziqish doimo oʻrganishdan oldin keladi. Axborot olamidagi notinchlik asari muallifi Richard Vurman qiziqish va oʻrganish oʻrtasidagi bogʻliqlik haqida shunday deydi:
“Bilim olishni axborotni qabul qilib olish jarayoni sifatida koʻrishimiz mumkin, ammo, bu jarayon sodir boʻlishi uchun, avvalo, qiziqish paydo boʻlishi kerak; qiziqish qiyinchiliklarni yengish uchun kuch beradi va bilim olish uchun ruhlantiradi. Yangi bilimlarni egallash va eslab qolish uchun, bu bilim,avvalo, sizda qiziqish uygʻotishi kerak…”
Yozuvchining aytishicha, qiziqish yoki eʼtiborsiz taqdim etilgan maʼlumotlarni qabul qilish qiyin boʻladi. Bu amaliy va foydali taʼlim olishning oʻquvchi uchun naqadar muhimligini isbotlaydi. Bilim olish jarayoni davom etishi uchun bilimlar doim oʻquvchi uchun ahamiyatli boʻlishi kerak. Har qanday zamonaviy ta’lim olish muhitida bilim olishga qiziqish asosiy va muhim oʻringa ega. Negaki taʼlim tizimini rivojlantirish uchun ham shu jihat muhimdir.
6. Hech qachon poyabzal uchun tejamang. Bu yerda sogʻligʻingizga yetarlicha eʼtibor berishingiz kerakligi haqida soʻz boryapti. Insonning sogʻligʻi yaxshi ahvolda boʻlmasa, bu uning ish sifatiga, bizning holatda esa bilim berish jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Oyoqlar tananing asosi hisoblanadi va kun davomida bosim va stress aynan oyoqlarimiz zimmasiga tushadi. Quyida oyoqlar sogʻligʻining insonning umumiy sogʻligʻiga koʻrsatadigan taʼsiri yoritib berilgan maqoladan parcha keltirilgan:
Notoʻgʻri tanlangan poyabzal oyoqlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin… Agar poyabzal notoʻgʻri tanlangan boʻlsa, unda qisqa muddatli muammolar uzoq davom etadigan muammolarga aylanishi, yurish yoki ishlashga xalaqit berishi hamda psixologik va jismoniy holat buzilishiga olib kelishi mumkin.
Bundan kelib chiqadiki, oyoqlar sogʻligʻiga eʼtibor qaratmaslik psixologik va jismoniy holatga, jumladan, kayfiyat, ishlash qobiliyati, eʼtiborni jamlash, ogohlik kabilarga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Sogʻlom va baxtli oʻqituvchi boʻlish kasbingizga va, albatta, oʻquvchilaringizga yuqori darajada eʼtibor qaratishingizga yordam beradi.
7. Oʻquvchilaringiz sizning eng katta oʻqituvchilaringizdir. Agar qandaydir munosabatda boʻlgan ikki inson barcha mavzuda bir xil fikrda boʻlsa, bu munosabatdan ularning hech biri mamnun boʻlmaydi. Oʻquvchilar bizga oʻsishimiz va rivojlanishimiz uchun eng yaxshi imkoniyatlarni taqdim etishi mumkin. Oʻquvchilar bizni ruhlantiradi, hayratda qoldiradi, baʼzida xafa qiladi va nima uchun oʻqituvchi boʻlishga qaror qilganimizni eslatib turadi.
Aynan bilim ulashishni istaganimiz sababli boshqalarga bilim berishni tanladik. Shunday boʻlsa-da, baʼzida oʻquvchilarimizdan oʻrganishimizga ham toʻgʻri keladi. Ular raqamli dunyoni tushunadi va biz oʻylagandan-da koʻproq yutuqlarga erisha oladi. Biz ularni tinglay olsakkina, taʼlim tizimini oʻzgartira oladigan yangiliklarni yarata olamiz.
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Kelajak ta’lim tizimini o‘zgartira oladigan 7 ta haqiqat.
Muqova surat: midjourney.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.