20.02.2024
Kompyuter yoki telefoni bor har bir inson istagancha bilim olishi mumkin boʻlgan zamon keldi. Class Central sayti bergan hisobotga koʻra, barcha uchun ochiq onlayn kurslar (BUOOK) soni kun sayin ortib bormoqda. 2011–2015-yillar oraligʻida 35 millionga yaqin inson onlayn kurslarga yozilgan va birgina 2015-yilda bu koʻrsatkich avvalgi yillarga nisbatan ikki barobar oshgan.
Bugungi kunda 4200 dan ortiq BUOOK mavjud. Bularning orasida Coursera, edX, Udemy, BigThink, Pluralsight, LinkedIn Learning, NovoEd va Skillsoft kabi kompaniyalarning korporativ tayyorlov kurslari ham bor. Ushbu ilmiy-mualliflik dasturlari koʻplab mavzularni qamrab oladi va har yili turli biznes sohalari boʻylab kengayib bormoqda. Eng dolzarb sohalar doimgidek kompyuter dasturlash va boshqa muhandislik sohalari boʻlib kelmoqda. Moliyaviy menejment, mulohaza yuritish va biznes boshqaruviga oid Courseraʼdan 10 ta eng mashhur kursni koʻrib chiqishingiz mumkin.
Bizda katta kontentdan foydalanish imkoni bor ekan, ularni nazorat qiluvchilar — test va akkreditatsiyalarga boʻlgan talab oshmoqda. Hozirda koʻplab BUOOK meʼyoriy hujjatlarni taqdim etmoqda (100 dan ziyod) va ularga Nanodegrees (Udacity), Credentials of Readiness (Harvard), XSeries (EdX) kabilarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Bunday nazorat qiluvchilar ish beruvchilar tomonidan qanday qabul qilinishini bilmaymiz, lekin bozorda nazorat qiluvchi meʼyoriy hujjatlarga talab borligi aniq.
Korporativ muhitda borgan sari asosan videolardan iborat boʻlgan mustaqil oʻrganish kurslari soni ortmoqda. Udemy, SkillSoft, LinkedIn Learning (LinkedIn), Grovo va BigThink kabi provayderlar oʻzlarida ekspert kontentni rivojlantirib bormoqda. Bundan tashqari, professional taʼlim beradigan kompaniyalar qatoriga SkillShare, Pluralsight, General Assembly, Floqq, Iversity va boshqalarni kiritishimiz mumkin. Bularning aksariyati texnikaga oid bilimlarni, jumladan, IT tizimlar va dasturlash kabilarni oʻzida jamlaydi.
Nega BUOOK dunyoni egallamoqda?
Birinchidan, maʼlumotlarni oʻtkazish va istalgan qurilma orqali kontentdan foydalana olish imkoniyati mavjud. Men deyarli 20 yildan beri onlayn taʼlimning ichidaman. Maʼlumotlarni oʻtkazishdagi muammolar sababli baʼzi kompaniyalar tugatildi. Bundan tashqari, 2000-yildagi turgʻunlik kompaniyalarni tobora achinarli moliyaviy holatga olib kelayotgan edi. Loyiha juda qimmat boʻlganligidan kompaniyalar kontentni bloklab qoʻyardi. Buning ustiga mobil qurilmalar yoʻq edi hamda juda koʻp nosozliklari boʻlgan Flash texnologiyasini qayta ishlab chiqish kerak edi. Endilikda siz istagan joyingizda kursni izlab topishingiz, roʻyxatdan oʻtishingiz va bilim olishni boshlashingiz mumkin. Videolarni istalgan qurilmadan va istagan vaqtingizda tomosha qilishingiz mumkin.
Ikkinchidan, endi Freemium biznes modellari bor. Onlayn taʼlim bilan shugʻullanuvchi kompaniyalarni qiynaydigan yana bir muammo — kurslar uchun katta miqdorda pul toʻlash kerakligi boʻlgan. Bir paytlar, biz DigitalThink loyihasi uchun juda koʻp mablagʻ sarf qildik, lekin kompaniyalar kurslarni oʻzlari yarata olishini tushunib yetgach bizdan kurslarni sotib olishni toʻxtatdi.
Hozirda aksariyat kompaniyalar oʻz kontentini sinov sifatida bepul taqdim etmoqda (bu metod Freemium deb ataladi) keyingi bosqichda esa kontent va boshqa xizmatlar uchun haq oladi. Shunday qilib siz biror kursni sinab koʻrib, uning keyingi bosqichlari uchun belgilangan miqdorda pul toʻlab, kursni tamomlashni yoki toʻlamaslikni tanlaysiz. Koʻpchilik oʻrganuvchilar kursni boshlaganidan keyin keyingi bosqichlarni pul toʻlab boʻlsa ham uni toʻliq oʻrganib, tamomlashga harakat qiladi.
Uchinchidan, hozirda taʼlimning qiymati har doimgidan balandroq. Zamonaviy iqtisodiyotda “Taʻlim bu — daromad demakdir” shiori amal qilmoqda. Hozirda shu kungacha egallagan koʻnikmalarimiz daromadlarimizning oʻsishini ta’minlamoqda. Shartnoma asosida mavsumiy va jahon boʻylab ishlaydigan ishchilar sababli ishchi kuchi bozorining kengayishi ish beruvchilarga “mos ishchi”ni yollash imkonini yaratib berdi. Yaʼni tajribali ishchi qayerda boʻlmasin, malakasiga loyiq ish topa oladi!
Qayerga bormay har yerda oʻz ustida tinimsiz ishlayotgan va biror yangi kasbni egallashga harakat qilayotgan insonlarni uchrataman. Dasturchilar qanday qilib mobil platformalarni takomillashtirishni, kadrlar boʻlimi boshliqlari statistika va iqtisodiy bilimlarni, marketologlar esa qidiruv tizimini optimallashtirish (Search Engine Optimization) va mikro-maqsadlar qoʻyishni oʻrganayotganiga guvoh boʻldim. Buning ustiga, har birimiz umrimiz davomida ish va shaxsiy hayotni muvozanatda saqlash, oʻzini yaxshi his qilish, eʼtiborlilik va sogʻlom ovqatlanish kabilarni oʻrganib boramiz.
Bir necha hafta ilgari yuqori malakali rahbarlar bilan Hindistonda boʻldim. Shunda ularning biri menga: “Yaqindagina kognitiv hisoblash boʻyicha kursni tamomladim va Python dasturlash tilini mustaqil oʻrgandim” — dedi. Men qiziqib qoldim va nega bunday qilganini soʻradim. U esa oddiygina: “Men shu sohada xodimlarni yollamoqchi boʻlsam, avvalo ulardan talab qilayotganlarimni oʻzim ham tushunishim kerak. Shu sababli bu bilimlarni bir necha hafta ichida oʻrganib oldim.” Shunday insonlar haqiqiy oʻrganuvchidir.
Toʻrtinchidan, aʼlo sifatli kontent va uni oson baholay olish imkoniyati. Bozorni harakatga keltiruvchi soʻnggi omil bu — kontentning sifati. Bizda ajoyib kontent yaratuvchi dunyoga mashhur oliygohlar, ishbilarmon rahbar va mutaxassislar bor. Sizda esa istalgancha bilim olish imkoni bor. Kontent sifatli boʻlishi uchun biz uni baholashimiz va oʻz fikr-mulohazamizni bildirishimiz kerak. “Fikr bildirish tugmasi — Killer App” deb nomlangan maqolamda yozganimdek, biz yashayotgan ijtimoiy dunyo kontent taqdim qiluvchilarni sifatli ishlashga majbur qiladi.
Unutmang! Onlayn taʼlim endi rivojlanmoqda. Men farzandlarimning onlayn tarzda bilim olishini kuzatdim va bu tabiiy, kuchli va foydali ekaniga amin boʻldim.
Xoʻsh, keyin-chi?
Bozor borgan sari kengayib borar ekan, kelgusi yillarda bir nechta muhim islohotlar sodir boʻlishi kutilmoqda:
— Ish beruvchilar akkreditatsiyalangan noanʼanaviy kontentga eʼtibor berishni boshlaydi. Ish beruvchilar bu kurslarga malaka va koʻnikmalar koʻrsatkichi sifatida qarashni boshlaydi. Kompaniyalar hali hanuz diplomlarga katta eʼtibor qaratadi, ammo onlayn taʻlim rivojlanmoqda va barchaning ishonchini zabt eta boshlayapti. Shu sababli akkreditatsiyalangan bilim olish uchun pul tikishni boshlang. Degreed kabi kompaniyalar bu islohotni amalga oshirishni boshladi.
— Foydali kontent barcha uchun ochiq boʻladi. Barcha uchun foydali boʻla oladigan kontentga talab hech kamaygani yoʻq. Savdo-sotiqni oʻrgatuvchi kursga nima deysiz? Sababi biz doimo nimanidir sotamiz (shu jumladan, oʻzimizni ham). Hozirgacha ushbu yoʻnalishda muvaffaqiyatga erishgan kishilar tomonidan ochilgan biror gigant sayt yoki tayyor kurs bormi? Yoʻq, bunisi endi yaratiladi.
— Yoʻnaltirish va reyting xizmati. Kontentni izlab topish uchun koʻproq “katalog”lar va sinalgan reyting xizmatlari kerak boʻladi. Hech qachon barcha kontentni oʻzida jamlagan bitta katta “portal” yaratib boʻlmaydi. Buning oʻrniga sifatsiz xizmatlarning katta reytingini yaratish mumkin va bu ham, ehtimol, qaysidir ma’noda bizga yordam berishi mumkindir.
— Bilim olish uchun eng yaxshi korporativ vositalar. Korporativ taʼlim oluvchilar uchun kontentni chop etish, almashish va kuzatish uchun yangilangan interfeys zarur. Bularni amalga oshirishda tinimsiz harakat qilayotgan Pathgather, Degreed, OpenSesame va boshqa peshqadamlarga alohida eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
— BUOOK platformalari yanada yaxshilanadi. Internetda taʼlim tizimi, ijtimoiy tarmoqlar, reyting platformasi, toʻliq bilim olish imkoni haqida oʻylab koʻring. BUOOK platformalari, asosan, kurslarni yetkazib berish bilan shugʻullanadi. Mening fikrimcha, kelajakda BUOOK platformalari faqatgina kurslarni yetkazib berish bilan cheklanib qolmay, bevosita taʼlim berish bilan shugʻullana boshlaydi.
Kompyuter yoki telefoni bor har bir inson istagancha bilim olishi mumkin boʻlgan zamon keldi. Tabiiyki, onlayn taʼlim anʼanaviy taʼlimning oʻrnini toʻla bosa olmasligi mumkin, ammo biz oʻrganishni istagan koʻplab bilimlarni bemalol, istagan vaqtimizda oʻrganishimiz uchun imkon yaratib bera oladi.
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Barcha uchun ochiq onlayn-kurslar (BUOOK) dan foydalanish va onlayn-ta’limning rivojlanishi.
Muqova surat: midjourney.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.