Onlayn ta’limning 12 ta ijobiy va salbiy tomoni
Onlayn ta'lim, olayn ta'limning ijobiy va salbiy tomonlari, ustunliklari, kamchiliklari va rivoji haqida batafsil bilib oling.
Oʻrta
7 min
23.09.2022
Ta’lim

Insonlar orasida tengsizlikning keng tarqalishi, narxlarning oshishi va yuqori sifatli kurslarning yetishmasligiga onlayn taʼlim sababchimi? U anʼanaviy “gʻisht va ohakli” muassasalarning yoʻqolib ketishiga sabab boʻladimi? Mening ismim Mart Toma, men iqtisodchiman va AQSHdagi Oregon universitetida dars beraman. Boshida men ham onlayn taʼlimga oid gʻoyalarga salbiy qarar edim, ammo oʻtgan akademik yilda bunday kurslarning bir nechtasiga rahbarlik qilganimdan soʻng bu boradagi shaxsiy fikrim yaxshi tomonga oʻzgardi.

Avvalgi maqolamda ham aytib oʻtganimdek, meni xavotirga solgan tomoni onlayn taʼlimga asoslangan darajalar ikki bosqichli taʼlimni paydo qilishi va tengsizlikni kamaytirish oʻrniga, uni koʻpaytirib yuborishi edi. Bu muammolar shuncha vaqt oʻtib ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan. Ushbu maqolada onlayn va anʼanaviy taʼlim kurslarini oʻqitish tajribamdan kuzatgan baʼzi ijobiy va salbiy tomonlarni koʻrsatib oʻtaman.


Salbiy taraflari:

Savol berishning iloji yoʻq. Onlayn sinfda oʻrganuvchilar mavzuga oid tushunmay qolgan narsalarini soʻrash uchun qoʻllarini koʻtarib savol berolmaydi.

Maʼruzani tezlashtirish imkoni yoʻq. Anʼanaviy maʼruzada professor talabalarning materialga rioya qilishini tekshirishi va shundan kelib chiqib maʼruza tezligini oʻzgartirishi mumkin. Ammo onlayn darslarda bunday imkoniyat yoʻq.

Talabalar bilan aloqaning kamligi. Men talabalarim bilan tanishishni va ular bilan aloqada boʻlishni juda qadrlayman, lekin onlayn kurs mobaynida ular bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa yoʻqoladi. Talabalar men bilan qandaydir darajada tanish boʻlishi uchun barcha darslarim uchun videomaʼruzalar joylashga harakat qilaman.

Jamoa boʻlish tajribasining yoʻqligi. Koʻpchilik boʻlib film tomosha qilish yolgʻiz tomosha qilishga nisbatan oʻzgacha zavq beradi. Sinflarda ham xuddi shunday jamoa boʻlib ishlash tajribasi mavjud. Ehtimol, bu bir necha yillar avval gulxan atrofida oʻtirib, bir avloddan ikkinchi avlodga oʻtib kelayotgan qiziqarli hikoyalarni tinglashda namoyon boʻlgandir. Barchaning diqqati soʻzlanayotgan matnga qaratilgani katta ahamiyatga ega boʻlgan. Nima boʻlganda ham, uyda onlayn tarzda videomaʼruza yordamida bilim olishdan farqli oʻlaroq, sinfda oʻtkazilayotgan maʼruzalarda sizni bezovta qiladigan xonadoshingiz, tinmay oʻziga chorlayotgan muzlatgich, keyinroq oʻrganishga undovchi dangasalik xalaqit bera olmaydi. Sinf xonasi diqqatingizni jamlashga yordam beradi.

Oʻquv guruhlarini shakllantirish qiyinroq. Oʻquvchilar uchun ham bir-biri bilan aloqada boʻlish qiyin. Bu ijtimoiy kamchiliklar hisoblanib, taʼlim nuqtayi nazaridan talabalar bilan uchrashish va oʻquv guruhlarini shakllantirish qiyinlashadi. Talabalar oʻrtasida onlayn hamkorlik qilishga imkon beradigan vositalar mavjud va talabalar shaharchasida yashovchilarda uchrashish imkoni boʻlishiga qaramasdan, bular birdek natija bermaydi.

Onlayn ish vaqti unchalik samarali emas. Muhokama chatlarida yoki elektron pochtadagi ish soatlari odatdagi ish soatlariga nisbatan samarasiz. Asosiy muammo texnologikdir. Men savollarga javob berish uchun ish joyimda bemalol doskaga borib, grafiklar chizishim, matematik tenglamalar yozishim mumkin. Ammo onlayn doskalar grafiklarni chizish va tenglamalarni yozishda qiyinchilik tugʻdiradi. Men hali ham talabalar shaharchasidagi oʻrganuvchilarim savollariga anʼanaviy usulda javob berishim mumkin, lekin, katta miqdordagi talabalar shaharchasida yashamaydigan onlayn oʻrganuvchilarim bilan bunday qila olmayman.

Avtomatlashtirilgan imtihonlar va uy vazifalari. Menga koʻp variantli savollardan iborat imtihonlar yoqmaydi, ayniqsa, bu yuqori darajadagi oʻquv kurslarida boʻlsa. Yozma imtihonlar yaxshiroq. Muhim imtihonlar va uy vazifalari uchun hali ham insho tarzidagi onlayn darslar berilishi mumkin, ammo kurs narxini pasaytirish maqsadida katta miqdordagi oʻrganuvchilar qabul qilingan kurslarda bu muammo boʻlishi aniq. Muammoni qoʻshimcha ishchi kuchi yordamida yechish mumkin, ammo kurslar tomonidan berilayotgan narx imtiyozlari sezilarli darajada pasayadi.


Quyida esa baʼzi ijobiy ustunliklar va yuqorida tavsiflangan salbiy jihatlarni bartaraf etish usullari keltirilgan:

Savol berishning boshqa usullari. Garchi talabalar anʼanaviy sinfda boʻlgani kabi savol bera olmasa ham, buning yechimi bor. Videomaʼruza paytida talabalarda savol tugʻilsa, toʻxtash tugmasini bosib, videoni orqaga qaytarish orqali boʻlimni qayta tomosha qilishi mumkin. Odatda bu amal yetarli boʻladi. Agarda bu foyda bermasa, ular videoni toʻxtatib, kitobdagi taʼriflarni oʻqishi, Googleʼdan foydalanib maʼlumot topishi yoki maʼlum vaqtga qadar savolni saqlab qoʻyishi mumkin.

Istalgan vaqtda oʻrganish imkoniyati: maʼlumotlar hech qachon oʻchirilmaydi. Koʻpgina talabalar uchun maʼruza matnlarini yozib olib borish qiyin kechadi, shuning uchun koʻpincha muhim fikrlar qaydlarda qolib ketadi. Videomaʼruzalarda esa buning uchun toʻxtash va orqaga qaytish tugmalaridan foydalanish mumkin. Bundan tashqari, maʼlumotlar hech qachon o‘chirilmaydi — noto‘g‘ri qayd yozib qoʻysam-chi kabi bahonalarga hech qanday oʻrin yoʻq. Shunday qilib, men maʼruzaning borishini anʼanaviy maʼruzalardagi kabi nazorat qila olmasam ham, o‘rganuvchilarning mustaqil ravishda oʻrganish qobiliyatining ijobiy taraflari ko‘proq. Materialni olgan talabalarni yaxshi tushunmagan guruhdoshlari bezovta qilmaydi va biroz qiyinchilikka duch kelganlar kerak boʻlganda oʻsha pauza va orqaga qaytish tugmalaridan foydalanish orqali mavzuni yanada batafsil oʻrganishi mumkin.

Til toʻsiqlari. Koʻpincha chet ellik talabalar til muammolari tufayli maʼruzalar davomida qiynaladi. Ammo videomaʼruzalarda batafsil tushunmaguniga qadar maʼruzalarni bir necha bor tomosha qilishi mumkin. Baʼzi chet ellik talabalarim videoning qismlarini qayta-qayta tomosha qilishini va bu ularga juda katta yordam berishini aytadi.

Moslashuvchan dars soatlari. Bu aniq, ammo yana bir bor taʼkidlab oʻtish shart boʻlgan jihatdir. Onlayn kurslarda maʼruza hamda imtihonlarning kunlari va vaqtlarini ish vaqti, bolalar parvarishi va boshqa vazifalardan kelib chiqqan holda boʻsh vaqtga moslashtirish mumkin. Shubhasiz, bu eng muhim afzalliklardan biridir.

Mavzuga doir: Ta’limning kelajagi qanday ko‘rinishga ega?

Onlayn soatlar. Videolarni qoʻshimcha onlayn soatlar davomida ham koʻrib, oʻrganish imkoniyati mavjud. Bu ish yoki oilaviy majburiyatlar, boshqa sinflar bilan ziddiyatlar va hokazolar tufayli rejalashtirilgan vaqtda onlayn suhbatlar va darslarda qatnasha olmaydigan talabalar uchun ayni muddaodir. Talabalarda qandaydir savol tugʻilsa, videoning ushbu muammo muhokama qilingan qismini koʻrishi va bu orqali kerakli javobni olishi mumkin. Bundan tashqari, onlayn suhbatlar doirasida “chatxonalar”dan foydalanish menga koʻplab talabalar bilan aloqa qilish imkonini beradi. Anʼanaviy suhbatlar odatda bir vaqtning oʻzida bir nechta talaba bilan oʻtkaziladi, ammo belgilangan vaqtda boʻlib oʻtadigan, oʻquv materiallari haqidagi onlayn suhbatlarni bir vaqtning oʻzida koʻplab talabalar kuzatishi va suhbatni saqlab qoʻyish imkoni mavjudligi tufayli uni keyinroq ham koʻrib, oʻrganib chiqsa boʻladi.


Kirish qismida taʼkidlanganidek, men hali ham onlayn kurslarning rivojlanishi ikki bosqichli taʼlim tizimini yaratilishiga olib kelishidan xavotirdaman. Bu anʼanaviy “gʻisht va ohakli” taʼlim muassasalari yaxshiroq degan fikr bilan bir xil. Anʼanaviy oliy oʻquv yurtlari onlayn kurslar taqdim qilayotgan barcha imkoniyatlarni yaratishi mumkin. Buning uchun onlayn kontentdan nusxa olish va uning ustida biroz ishlash kifoya. Shuningdek, fanlar boʻyicha laboratoriya darslari, malaka oshirish va ilgʻor tadqiqotlarda ishtirok etish imkoniyati kabilarni ham taqdim etishi mumkin. Biroq onlayn taʼlim boʻyicha tajribam shuni koʻrsatdiki, bular orasidagi tafovut oldingiday katta emas va kurslarni onlayn ravishda oʻtkazishda undagi xarajat va foydaga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq boʻladi.

Hozirgi vaqtda, menimcha, taʼlimni toʻliq onlayn tarzda yetkazish oʻz xarajatlarini qoplamaydi. Ammo texnologiya rivojlanishi bilan an’anaviy ta’lim maskanlari taqdim etuvchi ish soatlari, kimyoviy laboratoriyalar, ijtimoiy aloqalar va boshqa xususiyatlardan nusxa olish va onlayn kurs oʻrganuvchilariga bularni taqdim etish rivojlanayotgan ekan, onlayn taʼlim sohasida bundan keyin boshqa kamchiliklar ham bartaraf etilishi aniq.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Onlayn-ta‘limning 12 ta ijobiy va salbiy tomoni.
Muqova surat: midjourney.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!