20.02.2024
Garchi masofadan turib ta’lim olish uzoq tarixga ega boʻlsa-da, onlayn taʼlimning yaratilishi oʻn besh yil oldin sodir boʻldi — bu ilmiy sohada nisbatan qisqa vaqtdir. Dastlabki internet orqali bilim berish 1994-yilda boshlangan va shundan soʻng qisqa vaqt ichida kurs boshqaruv tizimining yangi toifasidan foydalangan holda yanada tizimli munosabat bilan davom ettirilgan. Oʻsha paytdan boshlab, onlayn taʼlim sekin, ammo barqaror tarzda ommalashib keldi.
2010-yilning kuzida AQSH talabalarining deyarli uchdan bir qismi kamida bitta fanni onlayn ravishda oʻqishayotgan edi. 2012-yilga kelib “Barcha uchun ochiq onlayn kurslar” (BUOOK) deb nomlangan yangi konsepsiya oliy ta’lim muhitida katta qiziqish uygʻotdi. Eng muhimi bu gʻoya oliy ta’lim va kengash xonalarida onlayn taʼlim haqida strategik muhokamalarni yuzaga keltirdi. Stanford, MIT, Harvard, California-Berkeley universiteti va boshqalar BUOOKning transformativ kuchga ega boʻlishini va onlayn taʼlimni qoʻllab-quvvatlashdi. Wall Street Journal, New York Times, The Atlantic kabi milliy ommaviy axborot vositalari Devid Bruksning “The Campus Tsunami” (Kampus sunamisi) maqolasini targʻibot qildi.
Afsuski yangi ta’lim modellari eski tizimni egallash ehtimoli borasida shov-shuvli va yuzaki tavsiflar koʻpaydi. Koʻp hollarda an’anaviy va onlayn ta’lim borasida ommaviy munozaralar nooʻrin kelishmovchiliklarga olib keldi. Bu nooʻrin munozaralar barcha onlayn modellarni oʻxshash deb aytmoqda va an’anaviy sinf darslari bilan internet darslarining uygʻunlashuvini nazarga ilmayapti. Bu yolgʻon kelishmovchiliklar milliy media-forumlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlib, yanada ommalashib ketmoqda. Ammo aslida hamkasbim Molli Langstaf ta’kidlaganidek, ta’lim texnologiyalari nafaqat yangi til yaratish uchun, balki bilimni yetkazish maqsadida innovatsion ta’lim kurslari va dasturlari bilan oʻzaro hamkorlik qilmoqda.
Oliy ta’limga kirish, oʻqishga qurbi yetish (moliyaviy jihatdan) va har bir talabaga moslashtirilgan taʼlim kabi muammolarni muhokama qilish uchun hozirda yuzaga kelgan oʻzgarishlarni toʻliqroq tushunish bizga yaqindan yordam beradi. Ta’lim texnologiyalari yaratayotgan va kundan-kunga ortib borayotgan imkoniyatlarni yaxshiroq anglash uchun koʻproq tavsiflovchi fikrlarni taqdim qilmoqchiman. Quyidagilar aniq maʼlumot emas, albatta, chunki muhit shiddat bilan oʻzgarmoqda. Bundan tashqari, bu modellarning barchasi ham uzoq muddatda rivojlanib ketmaydi. Mening maqsadim muhim modellarni oddiygina tasvirlash va ommaviy muzokaralarda paydo boʻlgan tushunmovchiliklarni kamaytirishdir.
Ta’lim sohasidagi ta’lim modellarining paydo boʻlishi nimani anglatadi? Modellarni nafaqat modallik jihatidan (ya’ni, yuzma-yuzdan to toʻliq onlayngacha), shuningdek, kursni ishlab chiqish uslubi boʻyicha ham tasnifladim (1-rasm).
Bu ikki oʻlchamlar bizga ta’limni yetkazib berish modellarini yanada yaxshiroq tushunish imkonini beradi. Ushbu sohada quyidagi muhim modellar paydo bo’ldi: maxsus onlayn kurs va dasturlar, toʻliq onlayn dasturlar, maktab xizmati, ta’lim hamkorligi, qobiliyatga asoslangan ta’lim, aralash/gibrid kurslar va teskari sinflar hamda eng soʻnggisi BUOOK (2-rasm).
Maxsus onlayn kurs va dasturlar
Koʻplab AQSH oliy ta’lim muassasalarida fakultet va kafedra tushunchalari mavjudligiga koʻra, institutning qoida va meʼyorlariga asoslanmagan maxsus onlayn kurslarining yaratilishi hayratga solmaydi. Ushbu holat sababli fakultetdagi yangi muhitni kashf qilish va muayyan dasturlarning oʻziga xos ehtiyojlari uchun onlayn kurs va dasturlar yaratishning bir qator sabablari bor. Garchi fakultet a’zolarining aksariyati onlayn taʼlimning sifatiga shubha bilan qarasa ham, koʻpgina maxsus kurslar fakultet oʻqituvchilarini onlayn vositalar orqali yaxshiroq natijani qoʻlga kiritishga ishontirish uchun ishlatiladi. Inside Higher ED va Babson Survey Research Groupʼning izlanish natijalariga koʻra, fakultet a’zolarining uchdan ikki qismi onlayn dasturlardan keladigan ta’lim natijalari an’anaviy kurslardan keladigan natijalarga qaraganda past deb taʼkidlar ekan. Bunga qaramasdan, fakultet a’zolarining onlayn taʼlim bilan bogʻliq qismida qoʻrquv va hayajon past boʻlar ekan.
Maxsus onlayn kurslarni oʻqitayotgan oʻqituvchilar yetarlicha baholanmagan tengsiz bilim manbasi hisoblanadi. Garchi maxsus onlayn kurs va dasturlar oldin qilinmagan ishni amalga oshirgan boʻlsa-da, ular onlayn taʼlimning kengayishida asosiy omil emas.
Toʻliq onlayn dasturlar
Hozirgi kundagi roʻyxatdan oʻtishlar sonining oshishi va onlayn kurslar rivojlanishining eng asosiy sababi tijorat sektori hamda notijorat institutlari tomonidan yaratilgan onlayn tashkilotlar ishlab chiqqan toʻliq onlayn dasturlardir. Ikkala holatda ham bu onlayn dasturlar master-kurs konsepsiyasi atrofida tashkil etilgan. Ushbu konsepsiya institutning ta’limni yetkazib berish uslublarini oʻzgartiradi va an’anaviy, tijorat va, hattoki, notijorat boʻlgan toʻliq onlayn tashkilotlarni bir biridan ajratuvchi eng katta farq boʻla oladi.
Master-kurs qaytariladigan tarzda bir nechta boʻlimlarda izchil takrorlanadi. Ushbu yondashuvda multimedia ekspertlari, sifatni ta’minlovchi ekspertlar hamda instruksional dizaynerlardan tashkil topgan jamoa master-kursni yaratish uchun fakultet a’zolari yoki fanga bogʻliq ekspertlar bilan birgalikda ishlaydi. Yaratilgandan soʻng master-kurs boʻlimlari bir nechta instruktor tomonidan qoʻshma fakultetlarda ishlatilishi mumkin. Kursning yaratilishida qatnashgan fakultet a’zolari bir nechta boʻlimga instruktorlik qilishi mumkin. Lekin boʻlimlar asosan kursning yaratilishida qatnashmagan instruktorlar tomonidan boshqariladi.
Maktab xizmat sifatida
Anʼanaviy taʼlim va keng qamrovli onlayn taʼlim oʻrtasidagi toʻsiqni bartaraf etishning yana bir yoʻli — tashqi kompaniyalar bilan kontent, oʻquv rejasi va talabalar xizmatlari ustida hamkorlikda ishlashdir. Ushbu kompaniyalar anʼanaviy taʼlim beruvchi maktablar uchun master-kurs tushunchasini tatbiq qilish uchun kerakli tajriba va koʻnikmalarni egallashga yordam beradi.
Onlayn platformalarning oʻquv rejalari va kurslarning rivoji uchun daromad qilish maqsadidagi alohida bir katta tashqi sanoat paydo boʻldi. Bu yangi kategoriya “Maktab xizmat sifatida” deb nomlanadi va bu sektor kelajakda yiliga 30 foizdan oʻsishi kutilmoqda. Pearson Arizona shtati universiteti va Kaliforniya shtati universiteti hamkorlikda ishlangan model asosida bu bozorga kirib kelgan. Boshqa taʼminlovchilarga esa EmbanetCompass, 2tor, Deltak va Academic Partnership kabi kompaniyalar kiradi.
Taʼlim hamkorligi
Bu toʻsiqni bartaraf etishning mashhur boʻlmagan yoʻllaridan biridir, ammo u allaqachon oʻzining ijobiy natijasini koʻrsatgan. Bu modelda tashqi tashkilotlar onlayn taʼlimga va jamoat amaliyotiga oʻz hissasini qoʻshadi. Masalan, butun dunyo boʻylab bir xil dasturlarda ishlaydigan tengdoshlar tarmogʻi. Cisco Networking Academy Program shu modellarga misol boʻla oladi. Bu dasturdan 165 ta mamlakatdan jami 1 milliondan ortiq oʻquvchi foydalanadi va 10 000 dan ziyod homiy tashkiloti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bu modelda taʼlim instituti oʻquv rejasi bor boʻlgan kurslarni taklif qiladi hamda oʻz diplom dasturlari uchun kerakli fanlarni oʻquvchilarga oʻrgatadi. Maktablarda laboratoriya jihozlari boʻlishi kerak yoki xarid qilishi kerak, ammo maktablar Ciscoʼning oʻquv rejalaridagi investitsiya, texnologik va baholashga oid foydali tajribalarni olishi mumkin. Bu tashkilot 2007-yilda tashkil topgan, uning kattaligiga qaramay, koʻp hollarda Networking Academyʼning qanday tashkilot ekanini tushunishmaydi: bu korporativ trening dasturi emas, balki notijorat taʼlim tashkilotidir.
Qobiliyatga asoslangan taʼlim
Oliy taʼlimda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan innovatsiyalardan biri kredit soatlaridan malakaviy baholashga oʻtish va kurs yakunlanganini aniqlashdir. Ikki yil oldin faqatgina Western Governors universiteti oliy taʼlimda malakaga asoslangan taʼlim modelini hayotga tadbiq etgan edi. Biroq hozirga kelib Southern New Hampshire University, Wisconsin System University, North Arizona University, StaighterLine va Excelsier kollejlari ushbu modelga qoʻshilgan.
Malakaga asoslangan taʼlim (CBE) aslida nima? 2000-yilda SPT Malan umumiy qabul qilingan manbalar haqida yozadi: bu natijalarga asoslangan taʻlimning (OBE) kengroq tushunchasiga asoslangan, bu esa oʻquvchilarni yanada yaxshiroq natijaga yetaklashi kerak. Natijani yaxshilash uchun esa, egallanadigan bilim va malakalarni chuqurroq oʻrganishi koʻzda tutilgan. OBE yuzma-yuz, onlayn va gibrid modellarda amalga oshiriladi. CBE kengroq tushunchada, natijalar, ish qobiliyatlari va ish bilan bogʻliq ehtiyojlar bilan chambarchas bogʻliqdir. 2000-yildagi maqolada SPT Malan CBEʼning 6 ta muhim tarkibiy qismini sanab oʻtadi:
- Baholash standartlariga koʻra talab qilingan koʻnikma va malakalarni egallash orqali erishilgan aniq va shaffof natija;
- Ushbu koʻnikmalarga ega boʻlish uchun qulay vaqt;
- Taʼlimni osonlashtirish uchun turli xil oʻqitish usullari;
- Kerakli natijalarni olish uchun test sinovlari;
- Koʻrsatilgan natijalarga koʻra sertifikatlash;
- Oʻquvchilarni bilim bilan taʼminlash uchun moslashtirilgan dasturlar.
CBE modellaridagi oʻsishning asl sababi nimada? Qisqa qilib aytganda, qulay dasturlar orqali arzon narxdagi taʼlimni taʼminlashga boʻlgan ishtiyoqdir. Bunda federal va shtat darajasidagi hukumat katta rol oʻynaydi. 2011-yilning noyabrida AQSH Taʼlim vaziri Arni Dunkan oʻz nutqida Western Governors universitetidagi dasturlar haqida shunday deydi: “Men ularning yaxshi oʻrinni egallashini xohlayman”. 2012-yilning iyun oyida esa Oliy taʼlim departamenti kotibi oʻrinbosari Eduardo Ohoa ushbu departament malakaga asoslangan taʼlim rivojlanishini va koʻp oʻquvchilarga yordam berishini kutayotganini aytadi. Undan tashqari Ohoa Barak Obama maʼmuriyati bu model oʻquvchilarning taʼlim uchun boʻlgan xarajatlarini, diplom olish uchun sarflanadigan vaqtni kamayishiga olib kelishi uchun malakaga asoslangan taʼlimni qoʻllab quvvatlashini bildirib oʻtadi.
2012-yilning iyun oyida Wisconsin System universiteti va Governor Scott Walker kelgusidagi CBEʼdagi tashabbuslarini taʼriflab berdi — Wisconsin System universiteti talablarga mos keladigan oʻqitish va boshqa innovatsion usullardan foydalanib, yangi va moslashishga qulay boʻlgan kollej variantini ishlab chiqadi.
Bu yagona malakaga asoslangan taʼlim modeli oʻquvchilar kurslarni oʻzlari istagan vaqtda, mustaqil va oʻrgangan bilimlari uchun kreditlar toʻplash imkonini beradi. Oʻquvchilar kollej darajasidagi malakalarni qayerda oʻrganganidan qatʼi nazar isbotlay oladi. Bu yuqori sifatli modeldan foydalangan holda oʻquvchilar yangi vositalar orqali oʻz karyerasini rivojlantirishi mumkin.
Maqolaning 2-qismi: sinaps.uz/maqola/3418
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Onlayn-ta‘limni yetkazib berish modellari: batafsil tavsif (1-qism).
Muqova surat: midjourney.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.