Ta’limni raqamlashtirish: Estoniya, Singapur va Janubiy Koreya tajribasi
Ta'limni raqamlashtirish, ta'limda eng ilg'or mamlakatlar, Singapur, Janubiy Koreya va Estoniya ta'lim tizimi haqida ma'lumot o'qing.
Oʻrta
7 min
08.09.2022
Ta’lim

Bu davlatlar quyidagi yutuqlari sababli xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturlarida yetakchiga aylandi. Sifatli va raqobatbardosh ta’lim — barqaror iqtisodiy o‘sish, fan va texnologiya rivoji, ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilashdagi muvaffaqiyat garovi. Raqamlashtirish ta’lim sifatini yaxshilaydi, aynan shu sabab ham texnologiyalar qator mamlakatlarda faol tarzda ta’lim tizimiga kiritilmoqda: bu o‘quvchilar o‘zlashtirishining monitoringini yaxshilabgina qolmay, o‘qish jarayoni qiziqarliroq, uning natijalari sezilarli darajada yuqori bo‘lishiga yordam beradigan yangi ta’lim usul va yondashuvlarini ishlab chiqishga ham yordam beradi.

PISAʼga¹ muvofiq o‘quvchilar muvaffaqiyatlari natijalariga ko‘ra yangi ta’lim texnologiyalarini amalda qo‘llayotgan ilg‘or mamlakatlar ichida quyidagi uchta mamlakat yetakchilik qiladi: Estoniya, Singapur va Janubiy Koreya.


Estoniya

unsplash.com

Estoniya ta’limini raqamlashtirish 1990-yil oxirida boshlangan. U davlat va mahalliy, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, tadbirkor, sarmoyador va universitetlarning faol ishtirokida ishga tushirildi va bu muvaffaqiyatli hamkorlik hozirgacha davom etmoqda. Mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari rahbarlari o‘quv muassasalarining texnik jihozlanishini nazorat qiladi, zarur hollarda esa yangi jihozlar sotib oladi. Universitetlar (misol uchun, Tartu va Tallin texnologiya universitetlari) kurs va treninglar o‘tkazadi, ularda o‘qituvchilar yangi uskunalardan foydalanish ko‘nikmalarini o‘zlashtiradi, o‘qitishning innovatsion usullarini o‘rganadi va ta’lim sohasidagi so‘nggi yutuqlar bilan yaqindan tanishadi. Yirik xalqaro (Microsoft, Samsung) va mahalliy kompaniyalar, xayriya jamg‘armalari (Information Technology Foundation for Education, Estonian Association of Information Technology and Telecommunications) turli tanlovlar tashkil qiladi. Ularda ishtirok etish maktab va tashabbuskor guruhlarga yangi jihozlar xarid qilish va ta’lim kurslarida o‘qish uchun grantlar yutib olish imkonini beradi.

Estoniya maktablarida o‘qituvchilarning o‘rni juda katta. Ular o‘z ish faoliyati yoki maxsus o‘quv mashg‘ulotlaridagi ishtirokidan orttirgan tajribasidan kelib chiqqan holda o‘quv rejalarini mustaqil belgilashi mumkin. Yuqorida keltirilganidek, o‘qituvchilar ulardan foydalanish ko‘nikmalarini maxsus treninglarda o‘rganib oladi.

Bugungi kunga kelib estoniyalik maktab o‘quvchilari elektron o‘quv materiallari bilan ta’minlangan e-Schoolbag va Opiq xizmatlaridan muntazam foydalanadi, Roboversity orqali esa robot texnikalarini o‘rganish imkoniyatiga ega. Ota-onalar farzandlarining o‘zlashtirishini doim kuzatib turishi va o‘qituvchilar bilan maxsus eKool platformasida muloqot olib borishi mumkin.


Singapur

pexels.com

1990-yillar boshida Singapur Maorif vazirligi ta’lim tizimini zamonaviylashtirishni boshladi. Ushbu bilimlar iqtisodi sharoitida Singapur maktabini hayotga tayyorlash yo‘nalishida dastlabki qadamlarini qo‘ydi: ilk bor o‘rta maktab va kollejlar o‘quv rejasiga “Kompyuter saboqlari” darsi kiritildi, mashg‘ulotlar davomida o‘qituvchilar maktab o‘quvchilarini kompyuterdan foydalanishga o‘rgatadi va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun texnologiyalarni faol qo‘llashning ahamiyati haqida hikoya qiladi.

Singapur Maorif vazirligining sohani raqamlashtirish yo‘lidagi keyingi qadamlari belgilangan “bosh rejalar” asosida bo‘ldi. Ularda ta’lim jarayoniga texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq maqsad va vazifalar belgilangan bo‘lib, maktab rahbariyati va o‘qituvchilarning o‘quv jarayonidagi rolini oshirish, o‘qituvchi va o‘quvchilarning texnologiyalardan yanada keng foydalanishi, XXI asr uchun yangi talablarni ishlab chiqish kabi asosiy yo‘nalishlar kiritilgandi. Asta-sekinlik bilan o‘quvchilar va ular foydalanayotgan texnik vositalar nisbati 1:1 ga yetkazildi. Yangi texnologiyalar har bir insonga, yashash joyidan qat’i nazar ta’lim olish imkonini beruvchi vosita sifatida qabul qilina boshlandi: bu “uzluksiz ta’lim” g‘oyasi vujudga kelishida muhim omil bo‘ldi.

2015-yildan Singapur ta’limida asosiy urg‘u “ijodkorona o‘qitish”ga berila boshlandi: o‘qituvchilar ta’lim muhiti dizaynerlari sifatida mashg‘ulotlarni yangi texnologiyalar yordamida o‘tkaza boshladi. Bu o‘quv jarayonini alohida ta’lim olishga ham moslashtirdi, o‘quvchilar har qayerda va har qanday vaqtda ta’lim olish imkoniga ega bo‘ldi.


Janubiy Koreya

unsplash.com

Janubiy Koreya ta’lim tizimiga yangi texnologiyalarni kiritish jarayoni 1980-yillarda boshlangandi. Bu paytda ko‘pgina salbiy dunyoviy o‘zgarishlar (aholining qarishi, yoshlar o‘rtasida ishsizlikning ko‘payishi va h.k.) mamlakat hukumatida milliy ta’lim tizimiga jadal yangiliklar kiritish g‘oyasini uyg‘otdi. Koreya ta’lim va fan olami raqobatdoshligining umumiy oshirilishi mamlakatni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan edi.

2011-yilda Koreya Respublikasi Maorif vazirligi va Axborot jarayonlari bo‘yicha Prezident kengashi “A Road to the Power of Talented Individuals! SMART Education” (Iqtidorli shaxslar salohiyat va qudrati sari yo‘l! Aqlli ta’lim), qisqacha — SMART Education loyihasini taqdim etdi. SMART dasturi, birinchidan, maktablarda bahs-munozaralarda va loyihalashtirish faoliyatida ishtirok etishga qiziqtiruvchi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga bir-biri bilan teng muloqot qilish imkonini beruvchi yangicha ta’lim muhitini yaratishni ko‘zda tutadi. Ikkinchidan, dastur barcha xohlovchilar uchun tahsil olish imkonini kengaytiruvchi, yangi ko‘nikma va bilimlar olish yoki o‘tkazib yuborilgan mashg‘ulotlarni o‘rganib olish imkonini beruvchi masofaviy ta’lim rivojiga e’tibor qaratadi.

Darslarda o‘qituvchilar turli multimedia materiallaridan foydalanadilar, o‘quvchilar bilan muloqotga kirishadilar. Masofaviy mashg‘ulotlarda esa o‘qituvchi maxsus ishlab chiqilgan o‘quv materiallaridan foydalanadi, ijodiy muhit yaratadi va bilimlarni baholaydi. Ta’lim berish davomida maxsus murabbiy ham biriktirilgan bo‘lib, u o‘quvchilarning bilim olish jarayonini kuzatadi, o‘qituvchilarning virtual va bulut texnologiyalari bilan ishlashlariga ko‘maklashadi.

So‘nggi yillarda Janubiy Koreyada virtual maktab va universitetlar faol ko‘payib bormoqda. Ularda ta’lim jarayoni to‘laqonli ravishda onlayn ta’lim vositalari yordamida o‘tadi, o‘quvchilar esa o‘zlarini qiziqtirgan kurslarni aynan oʻz qiziqishi doirasida tuzilgan o‘quv rejasi bo‘yicha o‘tadi.


Uchala mamlakatda ta’limni raqamlashtirish borasida ahamiyatli yutuqlarga erishildi. Bu PISA va TIMSS² o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash xalqaro dasturlarida mamlakatlar ko‘rsatkichlarini sezilarli ravishda yaxshilash imkonini berdi. Texnologiyalarning haddan ziyod ko‘p ishlatilishi bilan bog‘liq qiyinchiliklar jamoatchilik suhbatlari va malaka oshirish kurslari orqali hal qilindi: tanqidiy fikrdagi o‘qituvchilar va ota-onalarga maktabda yangi texnologiyalardan foydalanish o‘quv jarayonini rang-barang va qiziqarli qilibgina qolmay, bolalarni kompyuter savodxonligiga va XXI asrning boshqa muhim yangiliklariga oshno qilish imkoniyatini ham berishi tushuntirildi.

Yangi texnologiyalardan cho‘chish kerak emas. Keling, ulardan xorijiy tajribani o‘zlashtirgan va xatolardan xulosa qilgan holda unumli foydalanaylik.


[1] PISA (Programme for International Student Assessment) — xalqaro talabalarni baholash dasturi.
[2] TIMSS (Trends in International Mathematics And Science Study) — xalqaro miqyosda talaba va o‘quvchilarning bilim darajasini taqqoslash, yuqori natijalarni ko‘rsatgan davlatlarning tajribalarini o‘rganish maqsadida faoliyat yurituvchi tashkilot.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Ta’limni raqamlashtirish: Estoniya, Singapur va Janubiy Koreya tajribasi.
Muqova surat: pexels.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!